Aholining psixologlarga ehtiyoji oshyapti

Ko‘rsatilayotgan xizmat shunga mosmi?

Ilgari psixologga murojaat qilgan odamga munosabat boshqacha bo‘lgan. Hozirgi kunda esa bunga odatiy hol sifatida qaralmoqda. Ya’ni, fuqarolarning psixolog xizmatiga ehtiyoji ortib boryapti. Demak, aholining ruhiyatida o‘zgarishlar muammolar ko‘paygan.

Bugun barcha tuman (shahar)larda «Inson» ijtimoiy xizmatlar ko‘rsatish markazlarida og‘ir hayotiy vaziyatga tushgan shaxslar uchun psixologik yordam ko‘rsatish tizimi joriy etilgan. Markazlarda kattalar va voyaga yetmaganlar bilan ishlash bo‘yicha ikki nafardan psixolog faoliyat ko‘rsatmoqda.

Ijtimoiy himoya milliy agentligi viloyat boshqarmasidan olingan ma’lumotlarga ko‘ra, 2024 yilda «Inson» markazlari psixologlari tomonidan 3362 nafar fuqaroga psixologik xizmat ko‘rsatilgan bo‘lsa, 3000 nafardan ziyod fuqaroga psixologik konsultatsiya berilgan. Xo‘sh, viloyatdagi “Inson” ijtimoiy xizmatlar ko‘rsatish markazlari psixologlari qanday ishlayapti, ko‘rsatilayotgan  psixologik ko‘makdan odamlar foyda topyaptimi?

Shu kabi savollarga Toyloq tumani “Inson” ijtimoiy xizmatlar markazi psixologi Mo‘mina Hasanovadan javob oldik.

-  Psixologlarning boshqa kasb egalaridan farqi nimada, sizlarga qanday talablar qo‘yilgan? Suhbatimizni shundan boshlasak.

- Hozirgi kunda jamiyatda psixologlarsiz zamonaviy hayotni tasavvur qilish qiyin. Chunki inson  qalbining  shifokori - bu  psixologlar. Psixologiya ko‘p qirrali, psixologning vazifasi esa muayyan odamning hayotini, uning his-tuyg‘ulari va ruhiy holatini hisobga olgan holda uni baholash. Asosiysi, odamlarni tushunish va unga ta’sir o‘tkazib, muammolariga yechim topish psixologning bosh maqsadi. Shuning uchun shaxsning rivojlanishi, uning professional fazilatlari psixologning kasbiy hayotida muvaffaqiyat  qozonishining eng muhim sharti. Psixologlarga murojaat qiladigan insonlarning muammolari aksariyat hollarda chalkash  va o‘tmishda chuqur  iz  qoldirgan  bo‘ladi. Hatto, eng tajribali mutaxassis uchun ham ularni  tushunish  qiyin  bo‘lishi mumkin.

- Keyingi paytda odamlarning psixolog va ruhshunoslar xizmatidan ko‘p foydalanayotgani sababi nimada?

- Hozirgi kunda murojaatlar ko‘paygani rost. Biroq bunda faqat kimnidir yoki qaysidir voqeani sabab qilib ko‘rsatish to‘g‘ri emas. Chunki jarayon turli omillarga bog‘liq. Xususan, jamiyatdagi ijtimoiy va iqtisodiy o‘zgarishlar, texnologik taraqqiyot va butun dunyoni larzaga solgan pandemiya natijasida paydo bo‘lgan stresslar va hokazo. Misol uchun, murojaatlarning aksariyati mehnat va ijtimoiy stress bilan bog‘liq. Buni emotsional va ishonch kamayishi deyish mumkin. Ya’ni, ish joylaridagi qat’iy talablar, raqobat muhiti va ishsizlik odamlarning psixoemotsional holatini buzyapti. Oiladagi kelishmovchiliklar, ishsizlik, maosh kamligi, yetishmovchilik natijasida zararli illatlarga ruju qo‘yish, oson pul topishga urinish, har doim bosimda bo‘lish yoki kelajakdan qo‘rqish, insonlarning psixologik holatini yomonlashtirmoqda.

Inson psixologiyasiga kuchli ta’sir qilayotgan yana bir omil raqamli depressiya. Ya’ni, ijtimoiy tarmoqlar odamlarga o‘ziga xos tarzda ta’sir etmoqda. Texnikaga haddan tashqari murojaat qilish, ijtimoiy tarmoqlardagi “ideal” hayotga o‘zini solish depressiyaga olib kelmoqda. Mobil qurilmalar va onlayn ishlash tarzi ham oilaviy va shaxsiy hayotdagi muammolarni kuchaytiryapti.

Pandemiya odamlarning nafaqat sog‘lig‘iga, balki ruhiyatiga ham ta’sir qilmay qolmadi. COVID-19 pandemiyasi davomida bo‘lgan karantin va izolyasiya odamlar orasida ijtimoiy aloqa buzilishini, aniq yo‘llar va maqsadlardan tashqariga chiqishni va depressiyani olib keldi. Odamlar o‘rtasida o‘zlarini o‘rganish, qiziqishlar va hayotga bo‘lgan munosabatlar o‘zgardi. Ko‘pchilik xastalik va sog‘liq bilan bog‘liq og‘irliklar tufayli, o‘zini yo‘qotib, psixologik yordamga ehtiyoj sezmoqda.

- Asosan tazyiq va zo‘ravonlikka uchragan, og‘ir vaziyatga tushib qolgan yoki shu kabi holatlarga duch kelishi mumkin bo‘lgan fuqarolar bilan ishlashingizga to‘g‘ri keladi. Umuman, odamlar ko‘proq qanday masalalarda murojaat qilishadi,  ular bilan qanday ishlaysiz?

- To‘g‘ri, aksariyat hollarda ijtimoiy xodimlar tomonidan yo‘naltirilgan ijtimoiy himoyaga olingan, zo‘ravonlikka uchragan, nogironligi bo‘lgan, stressga tushgan yoki yolg‘iz fuqarolar bilan ishlaymiz. Bunday toifadagi odamlar ko‘proq salomatligi, kelajagi va oila a’zolarining ijtimoiy-iqtisodiy ahvolidan xavotirda bo‘ladi. Asosiysi, ular mehr va e’tibor, qiziqishini qo‘llab-quvvatlashlarini istaydi. 2024 yilda tumandagi ana shunday tofidagi 260 nafar fuqaroga psixologik yordam ko‘rsatdik.

Misol uchun, O‘zbekiston mahallasida yolg‘iz yashovchi bir fuqaro bilan qariyb 6 oy ishladim. Avval hisobchi bo‘lib faoliyat yuritgan fuqaro hozir nafaqada. Yolg‘izligi sababli odamlardan ajralib, stressga tushib qolgandi. U kishi bilan doimiy uchrashuvlar, suhbatlar tashkil qilib, faol tinglovchi bo‘lishga, sabr bilan eshitishga harakat qildim. Terapiya sifatida fototerapiyadan ko‘proq foydalandim. Ya’ni, o‘zining  rasmlaridan ijobiy xotiralarini aytib berishini, qiziqishlarini so‘rab, ularni amalda ham bajarishga harakat qildik. Mahalla ahli va ijtimoiy xodim bilan hamkorlikda, fuqaroning odamlar bilan ko‘proq muloqot qilishini hisobga olib,  uyi oldida kichikroq savdo do‘koni ochib berildi. Hozir u kishi savdo qilyapti va bundan biz ham, uning o‘zi ham xursand.

 - Bordi-yu odamlarning muammolariga psixologik yordam ta’sir ko‘rsatmasa, unda qanday yo‘l tutiladi?

- Albatta, psixolog xizmatiga ehtiyoji bor murojaatchilar orasida to‘rt muchasi sog‘, voyaga yetgan, asosan 20, 30 va 40 yoshdagi hayot yo‘li, manfaatlarini aniqlash va ishlashda qiynalayotganlar ham ko‘p. Masalan, 20-30 yoshdagilarda shaxsiy hayot, oila qurish, ishga joylashish va ijtimoiy munosabatlar bilan bog‘liq muammolar ko‘proq. 30-40 yoshdagilar esa depressiya, anksiozlik (qo‘rquv va xavotir), muvaffaqiyatsizlik yechimi bo‘yicha maslahat so‘rashadi. Eng ko‘p murojaat qiladiganlarning asosiy toifalaridan biri ishini shaxsiy  hayotdan  qanday  ajratishni  bilmaydigan  odamlardir. Shuningdek, shaxsiy muammolarini ommaga oshkor qilib, stressga tushib qolganlar ham yo‘q emas. Bundan tashqari, axborotning haddan tashqari ko‘pligi va doimiy ravishda o‘zgarib turadigan  hayot  sharoitlari  bilan  zamonaviy  vaqt: davlat  va  u  qabul  qiladigan  qonunlar, mamlakat  va  dunyodagi  siyosiy  vaziyat yuzasidan hamda xavotirli  yangiliklarni eshitib yoki ko‘rib, psixolog va ruhshunoslarga ehtiyoj sezadiganlar ham bor.

Bu toifadagi fuqarolar bilan muloqot jarayonida yoki amalga oshirilgan psixologik ishlar natijasida ularning muammolariga yuz foiz yechim topish qiyn. Bunday hollarda mijozlar bilan ishlashda ularning shikoyat lokusiga ko‘proq e’tibor qaratamiz. Ya’ni muammoga sababchi o‘zimi (internal) yoki atrofdagilardan (eksternal) sabab izlaydimi?  Balki fuqaroning sog‘lig‘ida muammo borligi, o‘zaro kelishmovchiliklar, og‘ir toifadaligi, stress, depressiya holatlari hisobga olinib, mahalla yettiligi, sog‘liqni saqlash, IIB, FHDYo, tuman hokimligi mas’ullari bilan hamkorlikda ishlaymiz. Jumladan, yaqinda tumanda probatsiya hisobida turgan 20 nafar xotin-qiz uchun trening va suhbatlar tashkil etib, qiziqishiga ko‘ra kasb-hunar, o‘qish va ishga yo‘naltirildi.

- Tizimda qanday muammo va kamchiliklar bor, sohani rivojlantirish uchun nimalar qilish kerak?

-  10 yillik tajribamdan kelib chiqib aytishim mumkinki, O‘zbekistonda psixologik xizmat ko‘rsatish sohasida bo‘shliqlar ko‘p. Xususan, "Inson" ijtimoiy xizmatlar ko‘rsatish markazida og‘ir vaziyatga tushib qolgan fuqarolar bilan ishlash maqsadida psixologlar faoliyati yo‘lga qo‘yilgan. Biroq  mahallalarda faoliyat ko‘rsatayotgan ijtimoiy xodimlar  o‘z hududidan kamida to‘rt-besh nafardan psixologik yordamga muhtoj fuqarolarni ro‘yxatga olsa, bu bitta tumanda 400 nafarga yaqin kishi bilan ishlash kerak degani. Bir nafar murojaatchi bilan suhbatlashish, muammolarini eshitib, tahlil qilish uchun kunlab, haftalab  vaqt ketsa, muammolarini hal qilishga oylab muddat kerak.  Bu esa ijtimoiy markazlarda fuqarolar bilan ishlash uchun ikki nafar psixolog kamlik qilishini ko‘rsatadi. Shu bilan birga, markazlarda zamonaviy talablarga javob beradigan alohida psixologik xonalar ham yo‘q.

Bu kabi muammolarga yechim topish  va fuqarolarga sifatli psixologik yordam ko‘rsatish uchun birinchi navbatda tumanlarda psixologik markaz va bo‘limlar faoliyatini yo‘lga qo‘yish kerak. Ikkinchidan, hozir oliy ma’lumotga ega bo‘lmagan va soxta psixologlar ko‘payib ketgan. Bu toifadagi psixologlar uchun litsenziyalash tizimini joriy qilish lozim. Uchinchidan,  maktablarda oliy ma’lumotli psixolog o‘qituvchilarni ko‘paytirish maqsadga muvofiq. Bugungi kunda 1000-1500 nafar bola o‘qiydigan maktabda bitta psixolog ishlashi yetarli emas.

- Mazmunli suhbatingiz uchun rahmat!


Fazliddin Ro‘ziboyev suhbatlashdi.