Samarqandda aholining sportga qamrovi oshyaptimi?

Davlatimiz rahbarining 2021 yil 5 noyabrdagi “Yurish, yugurish, mini-futbol, badminton, stritbol va “Workout” sport turlarini yanada rivojlantirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori hamda 2022-2026 yillarga mo‘ljallangan Yangi O‘zbekistonning taraqqiyot strategiyasida mamlakatimizda jismoniy tarbiya va ommaviy sportning rivoji uchun muhim vazifalar belgilab berilgan edi. Viloyatda o‘tgan davr mobaynida ushbu vazifalar ijrosi ta’minlandimi?

- Viloyatda ommaviy sportni rivojlantirish va aholining ommaviy sportga jalb qilish ko‘lamini oshirish maqsadida joriy yil 220 kilometr salomatlik, 153 kilometr velosiped yo‘laklari, 463 ta mini-futbol, 48 ta badminton, 125 ta “Workout”, 71 ta stritbol maydonchalari foydalanishga topshirildi, - deydi viloyat sportni rivojlantirish boshqarmasi boshlig‘i Sh.Ro‘ziyev. - Shuningdek, joriy yil 11 apreldagi “Mahallalarda yoshlarni ommaviy sportga jalb qilishni yangi bosqichga olib chiqish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi Prezident qaroriga asosan, viloyatdagi 1126 mahallada 7 yoshdan 30 yoshgacha bo‘lgan yoshlar o‘rtasida sportning to‘qqiz turi bo‘yicha “Besh tashabbus olimpiadasi” musobaqalari o‘tkazildi. Ushbu musobaqalarning birinchi mavsumida viloyatimizdan 282 ming 989 nafar (17 foiz), ikkinchi mavsumda esa 389 ming nafardan ortiq (23 foiz) yoshlar qamrab olindi.

Bundan tashqari, viloyatda 9750 dan ziyod sport tadbirlari o‘tkazilib, 881 ming 945 kishi (aholining 22 foizi) sportga qamrab olindi. Bu ko‘rsatkichni 2023 yilda 24, 2024 yilda 26 va 2025 yilda 30 foizga yetkazish rejalashtirilgan. Buning uchun uzoq muddatga mo‘ljallangan dasturlar ishlab chiqilgan.

Fazliddin Ro‘ziboyev.