Ajal changalidan omon qolganlar
Yaqinda Magnitogorsk (Rossiya)da qulab tushgan uyning kirish-chiqish yo‘lagi vayronasi ostidan 11 oylik go‘dak Vanya Fokinning qutqarib olinishi chinakam mo‘’jiza bo‘ldi, deb yozadi "Mir novostey" (2019 y. 11-son) haftanomasida Dmitriy Sokolov. Fevralda kichkintoy kasalxonadan uyiga qaytdi. Shuni ta’kidlash kerakki, bunday mo‘’jizalar kam emas. "Qirq yil qiron bo‘lsa, ajali yetgan o‘ladi", deganlaridek ajal yetmasa har qanday falokatda ham inson tirik qolar ekan.
TIRIK QOLGAN STYUARDESSA
1972 yil 26 yanvarda Stokgolm-Belgrad reysida aviahalokat ro‘y berdi. 10 ming metr balandlikda uchayotgan samolyot terrorist bombasidan portlab ketdi. Gazetalar chuqur qayg‘u bilan ekipaj a’zolari va barcha yo‘lovchilar halok bo‘lganini xabar qildilar. Ammo ajal changalidan 22 yoshli styuardessa Vesna Vulovich omon qolgandi. U samolyot bo‘lagi bilan birga Chexiyaning Cheska-Kamenitse shaharchasi chetiga qulab tushgandi. Uning baxtiga samolyot qor bosgan daraxtzor ustiga qulagan. Ammo mahalliy o‘tkinchi hushsiz yotgan qizni jasadlar ichidan qut¬qarib olmaganida u sovuqdan muzlab o‘lishi aniq edi. Vesna Vulovich to‘qqiz oy to‘shakda yotdi. Vrachlar uning oyoqqa turib ketishiga ishonishmagandi. Vaqt o‘tishi bilan styuardessa nafaqat oyoqqa turdi, balki yana o‘z ishiga qaytishga urindi. Biroq uni styuardessalikka olishmadi, o‘zi ishlagan aviakompaniya¬da boshqa ish berishdi. U bir necha o‘n yil sog‘-salomat ishladi.
IXTIYORSIZ ROBINZONLAR
Aql bovar qilmas bu hodisa 1960 yil Janubiy Kuril orollaridan biri - Iturupdan sal narida sodir bo‘ldi. Shunday dahshatli dovul ko‘tarildiki, qirg‘oqda tanklarni tashishga mo‘ljallangan barja (kema) bog‘langan tros uzilib, barjani dengizga surib ketdi. Agar unda to‘rt askar: Filipp Pop¬lavskiy, Ivan Fedatov, Anatoliy Kryuchkovskiy va Asxat Ziganshin bo‘lishmaganda unchalik fojia emasdi. 20-21 yoshdagi bu sovet askarlari sovuq, ochlik, ilojsizlikdan Tinch okeanida 49 kun suzib yurdilar. Baxtga qarshi ular suzib yurgan zonada Amerika harbiylari o‘quv mashqlari o‘tkazishayotgandi. O‘tkinchi kemadan umid so‘ngandi. Askarlar butunlay holdan toyib tirik qolishlariga umid qolmaganda, kutilmaganda AQSh harbiy vertolyoti ularni ko‘rib qoladi va qutqaradi. Sovet askarlari zambilda avianosetsga olib kelinadi va AQShga jo‘natiladi. Jasur askarlar sog‘ayishgach, Amerikada qolish taklif etiladi, ammo ular Sovet Ittifoqiga qaytishadi. Robinzonlar qahramonlar sifatida kutib olinadi.
MUZLIK QURShOVIDA
Taniqli qutbchi Duglas Mouson XX asr boshida Antarktidaga ilmiy ekspeditsiyaga jo‘naydi. "Avrora" bug‘ yaxtasi 1912 yil 6 yanvarda oltinchi qit’a qirg‘og‘iga kelib to‘xtaydi. Qirg‘oqqa tushgach, Mouson Antarktida qirg‘oqbo‘ylarini kartaga tushirishni rejalashtiradi. Har biri uch qutbchadan iborat oltita otryad tuziladi. Ulardan biriga Mousonning o‘zi boshchilik qiladi. Mouson ikki sherigi bilan 781 kg. yegulik zaxirasi bilan 16 it qo‘shilgan uch chanada yo‘lga tushishadi. Birinchi baxt¬sizlik sayohatning 19 kunida ro‘y beradi. Tadqiqotchilar yo‘lida darz ketgan chuqur yoriq paydo bo‘ladi. Mousonning sheriklaridan biri Ninis yuklarning katta qismi bilan 50 metr balandlikdan jarga qulab tushadi. Uning jasadi topilmaydi. Ko‘p o‘tmay Mouson ikkinchi sherigidan ham ayriladi. U yolg‘iz qolgan bo‘lsa-da, ruhan tushkunlikka tushmaydi. Qor va muzlikda yana 150 km. yo‘l bossa jo‘nab ketadigan kemaga ulgurishi mumkin edi. Ammo tabiat unga qarshi turdi. Qutbchilar qarorgohiga yetishiga bir necha kun qolganda chuqur yoriqqa quladi, tubi ko‘rinmas muz jarlikda arqonda osilib qoldi. Ming azobda yuqoriga tirmashib chiqib olishga muvaffaq bo‘ldi. Biroq kemaga ulgurmadi. 29 yanvarda Mouson so‘nggi ozuqasi ham tugaganda, boshqa ekspeditsiyadagi do‘stlari qoldirgan qarorgohga duch keldi. Baxtiga ular oziq-ovqat va xarita qoldirishgan ekan. O‘sha xaritaga qarab Mouson buxtaga yetib keldi. Afsuski, "Avrora" allaqachon suzib ketgandi. Navbatdagi kemani o‘lim iskanjasi azobida to‘qqiz oy kutishga to‘g‘ri keldi. Ajal changalidan omon qolgan sayyoh Vataniga chinakam qahramon sifatida qaytdi.
XALOSKOR KO‘RSHAPALAKLAR
Speolog-g‘orshunos Jorj Du Prisni 1983 yilda navbatdagi chuqur g‘orlardan biriga tushayotganda sirpanib ketib, shiddat bilan oqayotgan yerosti dar¬yosiga qulaydi. Suv girdobi uni komiga tortib, keng yerosti sahniga chiqarib tashlaydi. Ulkan yerostidan chiqish uchun bir nechta tuynuklar bo‘lsa-da, tik devordan yuqoriga sirg‘alib chiqish amrimahol edi. Ammo Jorj tushkunlikka tushmadi. U o‘zining jigarrang sviterining ipini sitib, kalava ipga aylantirdi. So‘ngra ikki hafta davomida har kuni ipni g‘ordan tashqariga uchib chiqib kelayotgan ko‘rshapalaklar oyog‘iga bog‘lab turdi. Buni qarangki, shahar chekkasida yashovchi aholi ko‘rshapalaklar panjasidagi g‘alati ipni ko‘rib qolishib, g‘orda biror falokat sodir bo‘lganini sezishadi va Jorjni qutqarib olishdi. U 13 kun g‘or tubida jahannam bo‘sag‘asida turgan edi.
T.SHOMURODOV tarjimasi.