Ajal og‘usining yo‘li to‘sildi

Toshkent shahrida vaqtincha yashovchi qashqadaryolik 23 va 24 yoshli ikki nafar shaxs DXX va Bojxona qo‘mitasi xodimlari tomonidan qo‘lga olindi.
Bunga sabab ular Rossiya Federatsiyasidan xalqaro pochta jo‘natmalari orqali boshqa tovar nomi ostida plastik idishda yuborilgan 7 kg. 313 gr. sintetik kannabinoid analogi bo‘lgan “5-Fluro-ADB” giyohvand moddasini qabul qilib olgani bo‘lgan.
Aniqlanishicha, ular “WhatsApp” messenjeri orqali tanishgan noma’lum profil egasi topshirig‘iga ko‘ra, 500 AQSh dollari evaziga ushbu ajal og‘usini Toshkent shahridan Samarqand viloyatiga yetkazib berishlari kerak bo‘lgan. Shundan so‘ng, tezkor tadbir davom ettirilib, mazkur narkotik moddani Samarqand viloyatida qabul qilib olgan vaqtida Past Darg‘om tumanida yashovchi 2 nafar fuqaro ham ushlandi.
Ulardan birining Samarqand shahridagi xonadoni ko‘zdan kechirilganda, sintetik giyohvandlik vositalarini tayyorlash uchun mo‘ljallangan yashirin laboratoriya tashkil qilinganligi ma’lum bo‘ldi.
Hozirda barcha holatlar yuzasidan mazkur shaxslarga nisbatan Jinoyat Kodeksining tegishli moddalari bilan jinoyat ishlari qo‘zg‘atilib, qamoq ehtiyot chorasi qo‘llanildi. Tergov harakatlari olib borilmoqda.