Ajrim to‘g‘risidagi arizaga favqulloda holat sifatida qarash kerak
Xalq deputatlari viloyat Kengashning oltmish to‘rtinchi sessiyasida Samarqand viloyati prokurori F.Zufarov ana shunday fikr bildirdi.
Qayd etish o‘rinliki, sessiya ishida fuqarolik ishlari bo‘yicha viloyat sudi raisi o‘rinbosari B.Norov fuqarolik ishlari bo‘yicha sudlarda ko‘rib chiqilgan boshqa holatlar bilan bog‘liq ishlar kamayganligini bildirdi. Biroq jismoniy va yuridik shaxslarning murojaatlari o‘z vaqtida ko‘rib chiqilmasligi bilan bog‘liq ishlar qariyb 70 foizga oshganini ta’kidlab, oilaviy ajrimlar masalasiga alohida to‘xtaldi.
Ta’kidlandiki, bu borada kelib tushayotgan arizalarning aksariyat qismi 35 yoshgacha bo‘lganlar tomonidan berilmoqda.
Sessiyada ishtirok etgan viloyat prokurori F.Zufarov tomonidan bildirilgan taklif deputatlar tomonidan bir ovozdan ma’qullandi.
- Oilaviy ajrimlar bilan bog‘liq ishlarda sudgacha bo‘lgan jarayonni kuchaytirishimiz kerak, - dedi viloyat prokurori. - Shuning uchun ajrim to‘g‘risida ro‘yxatga olingan ariza bo‘yicha tegishliligidan kelib chiqib, sektor rahbarlariga ma’lumot berib borish kerak.
To‘g‘ri, ajrimlarning oldini olish bo‘yicha, xotin-qizlar qo‘mitasi boshchiligidagi jamoat tashkilotlari tomonidan muayyan ishlar amalga oshirilayapti. Lekin bugungi tahlillar ushbu yo‘nalishda sektor rahbarlarining ham ishtirokini ta’minlash, ularning bu boradagi mas’uliyatini oshirishni taqozo etadi.