Aka-ukalarni yarashtirgan quruvchi

Fayzli bir xonadonda o‘ta inoq bo‘lgan tug‘ishgan aka-uka bor edi. Ular yonma-yon qo‘shni bo‘lib yashar, birga dehqonchilik qilishar, hosilni ham birga yig‘ishtirib olishar edi.

Kunlarning birida o‘rtalarida biroz kelishmovchilik yuzaga keldi. O‘zaro bir-birini noto‘g‘ri tushunish boshlandi. Oqibatda ularning o‘rtasida chuqur jarlik paydo bo‘ldi. Bu jarlik borgan sari tobora kengayib, silai rahmning uzilishiga olib keldi.

Bir kuni katta akaning eshigi taqilladi. Ochib qarasa, mohir quruvchi ish qidirib kelibdi. Katta aka quruvchiga qarab: «Ha, senga ish bor. Daryoning narigi tomonini ko‘ryapsanmi, u yerda ukam yashaydi. Menga yomonlik qildi. Meni yerga urdi. O‘rtamizdagi barcha aloqalar uzildi. Men unga o‘ch olishga qodirligimni ko‘rsatib qo‘ymoqchiman. Uyimning yonida turgan tosh bo‘laklarini ko‘ryapsanmi, ana o‘sha yerga baland devor qurib berishingni xohlayman. Chunki ukamni yana ko‘rishni istamayman», dedi.

Quruvchi: «O‘ylaymanki, vaziyatni tushundim», deya ta’kidladi. Aka quruvchiga kerakli asbob-anjomlar va qurilish mahsulotlarini olib kelib berdi-da, o‘zi safarga ketdi.

Oradan biroz vaqt o‘tib, safardan qaytgan aka qurilish yakuniga yetganining ustidan chiqdi. Lekin quruvchining qilgan ishidan lol bo‘lib qoldi. Chunki, quruvchi devor o‘rniga daryoning ikki qirg‘og‘ini birlashtiruvchi uzun ko‘prik qurgan edi. Shu paytda uka uyidan tashqariga chiqib qoldi va safardan qaytgan akasini ko‘rib, u tomon shoshib keldi: «Qanday ajoyib akasiz-a, mendan zulm ko‘rgan bo‘lsangiz ham o‘rtamizga ko‘prik qurdiribsiz-a. Darhaqiqat, men sizdek akam borligidan faxrlanaman», dedi.

Ular bir-birlari bilan yarashib turganlarida, quruvchi narsalarini yig‘ishtirib ketishga hozirlik ko‘rdi. Aka-uka quruvchiga yuzlanib: «Ketma, shoshmay tur, senga yana ish bor», deyishdi. Lekin quruvchi usta: «Sizlar bilan jon deb qolgan bo‘lardimu, lekin boshqa shunga o‘xshash ko‘priklar qurishim kerak», dedi.

Nozimjon Hoshimjon tayyorladi.