Vohid Abdullayev Bartold va boshqa sharqshunos olimlarning Navoiy haqidagi ayrim fikrlari noto‘g‘riligini isbotlagan edi

Sharof Rashidov nomidagi Samarqand davlat universitetida “Akademik Vohid Abdullayev va Samarqand adabiyotshunoslik maktabining rivoji” mavzuidagi respublika ilmiy-amaliy anjumani o‘tkazildi.

Adabiyotshunos Sultonmurod Olim, filologiya fanlari doktorlari Hotam Umurov, Muslihiddin Muhiddinov va boshqalar olimning hayoti va ilmiy-ijodiy faoliyati, Alisher Navoiy ijodini o‘rganish bo‘yicha olib borgan tadqiqotlari va kitoblari haqida so‘z yuritdi.

– Bartold va boshqa sharqshunos olimlar o‘sha davrda Samarqandda ilm-fan, madaniyat inqirozga uchragani, Hirotda esa aksincha, rivojlangan edi, degan fikrni ilgari surgan, – deydi professor Muslihiddin Muhiddinov. – Vohid Abdullayev esa o‘z tadqiqotida XV asrning 50-60 yillarida Samarqandda madaniy-adabiy muhit sezilarli darajada jonlanganini, aksincha, Hirotning to‘qnashuvlar markaziga aylanganini aniq faktlar asosida isbotlab berdi. Shu bois Abusaid Mirzo davrida ilm-fan va adabiyot namoyandalari Hirotdan Samarqandga ko‘chiriladi.

Akademikning “Navoiy davrida Buxoro she’riyati”, “Navoiy va Koxi”, “Navoiy va Nazira”, “Navoiy va Munis”, “Alisher Navoiy va Atoullo Atoiy”, “Navoiy va Bobur”, “Shoirlar she’rlarida “Xamsa” va boshqa kitoblari Alisher Navoiy ijodining keyingi davrlar o‘zbek adabiyotiga ta’siri tahliliga bag‘ishlangan.

Anjumanda navoiyshunoslikni yanada rivojlantirish yo‘lida hal etilishi lozim bo‘lgan vazifalar muhokama qilindi.

Yormamat Rustamov.