Akademik bo‘lish uchun nima qilish kerak?

Olimning aytishicha, o‘quvchilik paytlarida maktabida fanlar bo‘yicha darsliklar yetishmagan. Shunday bo‘lsa-da, bolalar kitob yo‘q, deb ilm olishdan to‘xtamagan, o‘quvchilar bir darslikni navbat bilan almashib, hatto talashib o‘qigan. 
– Men ham bir paytlar xuddi sizday o‘quvchi bo‘lganman, shunday partalarda o‘tirib, ta’lim olganman, – dedi akademik. – Ammo bizda sizda bor imkoniyatlar yo‘q edi. O‘quv xonalarimiz ko‘rimsizgina, fanlar bo‘yicha ko‘rgazmali qurollar yo‘q edi, bugungiday zamonaviy texnologiyalar haqida gapirmasa ham bo‘ladi. Sizlarga havasim keladi. Chunki sizlarning o‘qib-o‘rganishingiz uchun barcha imkoniyat bor. Faqat undan unumli foydalana bilish zarur. 
Uchrashuv davomida S.Laqayev yoshlarning "Matematika faniga qiziqishingizga kim yoki nima sabab bo‘lgan?", "Birinchi ustozingiz kim?" kabi savollariga javob berdi. Olim o‘quvchilarning "Akademik bo‘lish uchun nima qilish kerak?" degan savoliga "Akademik bo‘lish uchun avvalo, o‘zi qiziqqan sohani tanlab, shu yo‘nalishda ko‘p kitob o‘qish, o‘z ustida ishlash, doimo o‘rganish, izlanishda bo‘lish, tinimsiz mehnat qilish zarur", deya javob berdi.