Akademiklik – innovatsion taraqqiyotga hissa qo‘shish mas’uliyati

Uchrashuvda u kishi ilmiy-tadqiqot muassasalarining ilmiy-texnik salohiyati, kadrlar bilan ta’minlanganligi, moddiy-texnik, laboratoriya va tajriba bazasining hozirgi holati mamlakatimizning yuqori sur’atlardagi ijtimoiy-iqtisodiy rivojlanish darajasiga javob bermayotgani, Vatanimiz ilm-fani raqobatbardoshligini oshirish va uni dunyoning eng rivojlangan davlatlari ilm-fani darajasiga mosligini ta’minlash masalalari xususida kuyinchaklik bilan gapirgan edi.
Ko‘p o‘tmay "Fanlar akademiyasi faoliyati, ilmiy-tadqiqot ishlarini tashkil etish, boshqarish va moliyalashtirishni yanada takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida"gi Prezident Qarori imzolandi. Shuningdek, maktabgacha, maktab, o‘rta maxsus va oliy ta’lim, akademik ilmni rivojlantirishga doir qator me’yoriy-huquqiy hujjatlar imzolandi.


Yurtboshimizning 2017 yil yakunlanish arafasida imzolagan "O‘zbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasining haqiqiy a’zolarini tasdiqlash to‘g‘risida"gi hamda "O‘zbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasining haqiqiy a’zolari hamda sobiq O‘zbekiston qishloq xo‘jaligi fanlari akademiyasining haqiqiy a’zolari va muxbir a’zolari faoliyatini yanada rag‘batlantirish chora-tadbirlari to‘g‘risida"gi Farmonlari iqtisodiyotni innovatsion rivojlantirishda akademik ilm-fanning rolini kuchaytirish, ilmiy-tadqiqot va innovatsion faoliyatni rivojlantirish, ilg‘or ilmiy yutuqlarni amaliyotga joriy etish, joylarda ilmiy maktablarni mustahkamlash, tegishli hududiy va tarmoq muammolarini hal qilishda ularning faol ishtirokini ta’minlash, iqtidorli yoshlarni ilmiy faoliyatga jalb qilish, xalqaro miqyosda mamlakat ilm-fani nufuzini oshirishga qaratilgan muhim qadam bo‘ldi.


Prezidentimiz farmoniga muvofiq fizika-matematika fanlari bo‘yicha O‘zFAning haqiqiy a’zosi etib tasdiqlandim. Bu zamonaviy matematik-fizika sohasida ilmiy maktab yaratib, ikki nafar fan doktori, 15 nafar falsafa doktorlari (fan nomzodlari) tayyorlaganim, ilmiy izlanishlarimning dunyo miqyosidagi e’tirofi, qolaversa, Samarqand olimlari mehnatiga berilgan munosib baho bo‘ldi.
O‘z navbatida, mazkur rag‘bat zimmamga Faol tadbirkorlik, innovatsion g‘oyalar va texnologiyalarni qo‘llab-quvvatlash yilida Harakatlar strategiyasini amalga oshirishga xizmat qiladigan, iqtisodiyotimiz va jamiyatimiz hayotining barcha sohalarida innovatsion jarayonlarni jadallashtirishga hissa qo‘shishim uchun katta mas’uliyat yukladi.


Faoliyat yo‘nalishlarim doirasida 2018 yilga mo‘ljallangan "Yo‘l xaritalari"ga doir takliflar ishlab chiqdim. Ilmiy-innovatsion sohada amalga oshirilayotgan islohotlar mazmun-mohiyatini targ‘ib qilish, zamonaviy ilm-fan yutuqlarini ommalashtirish bo‘yicha maqsadli tadbirlarni amalga oshirish yuzasidan vazifalar belgilab oldim.
Jumladan, 2018 yil Samarqandda funksional analiz va zamonaviy matematik fizikaning dolzarb masalalariga doir xalqaro konferensiya tashkil etishni, mazkur sohada besh nafar falsafa doktori tayyorlashni, umumta’lim maktablari, o‘rta maxsus, kasb-hunar ta’limi muassasalarida innovatsiya va texnologiyalar borasida amalga oshirilayotgan islohotlar mazmun-mohiyatiga bag‘ishlangan uchrashuvlar tashkil etishni rejalashtirdim.
Joriy yil Braziliyada bo‘lib o‘tadigan dunyo matematik olimlarining kongressida mamlakatimiz matematiklari erishayotgan yutuqlar, amalga oshirayotgan fundamental tadqiqotlar haqida ma’ruza qilib, xalqaro ilmiy jamoatchilik o‘rtasidagi hamkorlik aloqalarini yanada mustahkamlashga hissa qo‘shish niyatidaman.

Saidahmat LAQAYeV,
O‘zbekiston
Respublikasi Fanlar akademiyasining haqiqiy a’zosi.