«Aksilinqilobchi»ga aylangan militsiya boshlig‘i
1937 yil 8 oktyabr kuni O‘zSSR NKVDsi ishchi-dehqon militsiyasi boshqarmasi alohida inspeksiyasining katta inspektori Podprigora Toshkent shahar 4-militsiya bo‘limi boshlig‘i Qahhor Azizovni hibsga olish haqida qaror qabul qiladi. Aslida respublika poytaxti Toshkent shahar militsiyasi rahbarlaridan birini hibsga olish uchun mustaqil ravishda qaror qabul qilishiga uning vakolati yetarli bo‘lganmi-bo‘lmaganmi – bizga qorong‘u. Lekin harqalay bu ishni amalga oshirish unga topshirilgan edi...
Hujjatlar shundan dalolat beradiki, A.Qahhorovni hibsga olishga oldinroq tayyorgarlik ko‘rilgan. Chunki Podprigoraga berilgan orderni 1937 yil 5 oktyabrda O‘zSSR NKVDsining o‘sha paytdagi rahbari, davlat xavfsizligi mayori Zagvozdin shaxsan imzolagan. Shu yilning 6 oktyabr kuni bu hujjatga NKVDning ishchi-dehqon militsiyasi boshlig‘i, kapitan Romanov ham qo‘l qo‘ygan. Ya’ni, order Podprigora qo‘liga tushgunicha barcha pog‘onalardan o‘tib bo‘lgandi.
Unga nima ayb qo‘yilgan edi? Hibsga olish uchun qabul qilingan qarordan parcha: “Men, O‘zSSR NKVDsi ishchi-dehqon militsiyasi boshqarmasi inspektori Podprigora G.N. Toshkent shahar militsiyasi 4-bo‘limi boshlig‘i Qahhor Azizovga oid hujjatlar bilan tanishib, uning 1900 yilda Samarqand shahrida tug‘ilgan, shahar militsiyasiga ishga kirib, xizmatni o‘tash davrida aksilinqilobiy «Milliy Ittihod» tashkiloti bilan yaqin aloqada bo‘lganiga ishonch hosil qildim. U militsiya safida ishlagan paytida ushbu tashkilot a’zolari Qori Zokir Xo‘jayev, Akobir Shomansurov va boshqalar bilan muntazam aloqa qilgan. Shuningdek, qo‘rboshi Hamroqulbek va uning otryadi a’zolarini qo‘llab-quvvatlagan. 4-militsiya bo‘limi boshlig‘i bo‘lib ishlab turgan paytida, hibsga olingunga qadar «Milliy Ittihod»ning Toshkentdagi rahbarlaridan Ro‘zi Yusupov bilan aloqani uzmagan. U bilan aksilinqilobiy mavzularda suhbatlashib turgan. Azizov ana shu xatti-harakatlari tufayli O‘zSSR Jinoyat kodeksining 67-moddasida ko‘zda tutilgan jinoyatlarni sodir etgan. Shulardan kelib chiqib qaror qildim:
Azizov Qahhor O‘zSSR JKning 67-moddasiga binoan jinoiy javobgarlikka tortilsin. U NKVDning davlat xavfsizligi boshqarmasi qamoqxonasida saqlansin. Azizov xonadonida tintuv o‘tkazilsin”.
Shundan keyin bir yil davomida unga qo‘yilgan «ayblar»ni isbotlash, dalillar topish uchun og‘ir tergovlar davom etdi. Yo‘q joydan o‘ylab topilgan jinoiy ishni yanada shishirish NKVD xodimlariga ham oson kechmadi.
Tarjimai holining avra-astarini chiqarishdi. Hatto Samarqandga borib, uning bolalikda sho‘x bo‘lganligi, qo‘shni mahalla yoshlari bilan nimalarningdir ustida janjallashganligini ham «aniqlab kelishdi». Mana uning ustidan tergov davomida to‘plangan hujjatlardan ayrimlari. Hatto nomi ham aytilmagan, faqat imzoning o‘rniga «Istochnik», ya’ni «manba» deb yozib qo‘ygan samarqandlik bir kishining bergan ko‘rsatmalari. Bu hujjat 1937 yil 22 noyabrda to‘ldirilgan:
«Azizov bolaligida mahalladagi bezori yoshlarga qo‘shilib yurardi. Keyinchalik uni (ish topmay yurgan paytlari) ashaddiy aksilinqilobchi, millatchi, ChKning sobiq xodimi To‘rabek To‘rabekov qaramog‘iga oldi. Uning yordamida Azizov militsiyaga ishga o‘tdi».
Endi boshqa bir kishi bunday ko‘rsatma beryapti: «Azizov yoshligida uch-to‘rt yil Ozarbayjonda bo‘ldi. O‘sha yerda o‘qidi. Qachonki Ro‘zi Yusupov Samarqand inqilobiy qo‘mitasining raisi bo‘lgach, uning yordamida militsiyada xizmat qila boshladi».
«U qo‘rboshi Ochilbek yigitlari bilan yaqin aloqada bo‘lgan. Ularga ko‘maklashib turgan».
«Samarqand, Payariq militsiyasida katta militsioner bo‘lib ishlagan paytlari qandaydir jinoyat sodir etib, Marg‘ilongami, Buxorogami qochib ketgan».
Xullas, hech kim ularning nechog‘lik rostligini tekshirmagan, bir-birini inkor etuvchi bunday chalkash ko‘rsatmalar ham NKVD xodimlari uchun muhim dalil sifatida Qahhor Azizovning «jinoiy ishi» hujjatlari orasiga tikilaverdi. Chunki bu vaqti kelib, uning «homiylari» deb ko‘rsatilgan To‘ra To‘rabekov ham, Ro‘zi Yusupov ham aksilinqilobchi sifatida hibsga olingan edi.
Endi Qahhor Azizovning tarjimai holiga e’tibor beraylik (ma’lumotlar sudda qayd etilgan hujjatlardan olindi.) Yuqorida aytilganidek, u 1900 yilda Samarqandda tug‘ilgan. Otasi hunarmand bo‘lgan. Dehqonchilik bilan shug‘ullangan. Sakkiz yoshidan qandolatchiga shogird tushib, 1916 yilgacha ishlagan. 1916 yil Rossiyaga mardikorlik ishlariga safarbar etilgan. U yerdan 1917 yilda qaytib kelgan. 1921 yilda militsiya safiga ishga kirgan. Avvaliga oddiy militsioner, katta militsioner, 1931 yildan Samarqand shahar militsiyasi boshlig‘ining yordamchisi vazifalarida ishlagan. 1932 yil 21 mayda Marg‘ilon tumani militsiyasi boshlig‘i etib tayinlangan (yuqoridagi ko‘rsatmalardan birida jinoyat qilib, Marg‘ilonga qochib ketdi, deyilgan). Shu yil oktyabr oyi oxirlarida Moskvaga, militsiya rahbar xodimlarini tayyorlash kursiga o‘qishga yuboriladi. Uni bitirgach, OGPUning Buxoro tezkor-qidiruv sektorining rahbarligiga tayinlangan. 1937 yil boshida Toshkent shahar militsiyasi 4-bo‘limi boshlig‘i vazifasiga o‘tkazilgan.
Hibsga olinayotgan vaqtida uning qaramog‘ida 70 yoshli onasi Hurmat Azizova, xotini, 1910 yilda tug‘ilgan Savri Abdurahimova va 13 yoshli o‘g‘li Vahob Azizov bo‘lgan.
Asosiysi, NKVD xodimlarini uning militsiya safida xizmat jarayonida amalga oshirgan ishlari, o‘g‘ri, qaroqchi va boshqa jinoiy unsurlar bilan kurashgan davrlari emas, «Milliy Ittihod» tashkilotiga a’zo bo‘lgan-bo‘lmaganligi, aksilinqilobchi sifatida hibsga olingan Ro‘zi Yusupov, Narziqul Ibrohimov bilan nechog‘lik aloqada bo‘lganligi, Kogon militsiyasi boshlig‘i Ostonaqul Samadov bilan nimalar haqida suhbatlashganligi kabi masalalar qiziqtirardi.
Ana shu davrda xolavachchasi Abdurashid Hamidovning aksilinqilobchi sifatida NKVD tomonidan qamalishi yana bir zarba bo‘ldi. Keyin esa unga militsiya safida ishlab turib, doimo “quloq”lar va boylar bilan yaqin munosabatda bo‘lgan, o‘tgan asrning 20-yillarida Qo‘rboshi Mahdixo‘ja, Ochilbek, Hamroqulbekni qo‘llab-quvvatlagan, degan ayblar ham qo‘yildi. Uning «aksilinqilobiy ruhdagi» odam ekanligini tasdiqlovchilar ham topildi. Rostgo‘y va halol kishilar buni inkor etishdi.
Toshkentdagi 4-militsiya bo‘limi tezkor vakili Karimov: «Mening shaxsiy kuzatuv va suhbatlardan shuni bilamanki, Azizov Kogon militsiyasi boshlig‘i Samadov bilan do‘stona munosabatda edi. 1936 yilda Azizov mehnat ta’tili paytida bir necha kun xotini bilan Samadovnikida yashagan».
«Shuningdek, u aka-uka Beglar va Jamshid Karimovlar oshxonasiga kirar edi. Ular bilan munosabati yaxshi bo‘lgan. Hozir aka-ukalarning ikkalasi ham NKVD tomonidan qamoqqa olingan».
Narziqul Ibrohimov, Toshkentdagi 3-militsiya maktabi o‘qituvchi va tarjimoni: “Men Azizovni 1926 yildan buyon bilaman. «Milliy Ittihod» tashkilotiga a’zo ekanligi haqida hech narsa eshitganim yo‘q”.
Qozi Baqoxon Allaxo‘jayev: «Qahhor Azizovni bilaman. Lekin uning qandaydir tashkilotga a’zoligi haqida eshitganim yo‘q».
Vasiliy Davidov, Toshkent shahar militsiyasi 2-uchastkasi boshlig‘i: «Azizov jinoyat-qidiruv bo‘limi boshlig‘i Strukov oldida xalq dushmani F.Xo‘jayevni maqtab gapirdi...».
Jinoyat-qidiruv bo‘limi xodimi Afanasiy Korolyov: «Azizovning onasi F.Xo‘jayevning onasi bilan qadrdon edi. Doimo uning oldiga borib turgan. Bundan tashqari, Azizovning otasining Samarqandda katta magazini bo‘lgan...».
Ahvol shu darajaga yetganki, Qahhor Azizovning singlisi Muharram Muxtorova avgust oyida unga xat yozib, sog‘ligini so‘raydi va ehtiyotsizlik qilib, «Hozir ko‘p kishi qamalyapti, siz tinchmisiz?», degan gapni ishlatadi. Tintuv paytida Q.Azizov uyidan shu xat chiqib qoladi. 1938 yil 4 yanvarda NKVD xodimlari uni ham so‘roq qilib, «Nega akangdan xavotirlanding yoki uning ayblarini bilarmiding», deya qiynab, qistashadi...
Xullas, 1938 yil 7-8 aprel kunlari O‘zSSR chegara va ichki qo‘shinlar harbiy tribunali boshqa ishlar qatori Qahhor Azizov jinoiy ishini ham ko‘rib chiqadi va aybi biror-bir asosli dalil bilan isbotlanmagan bu odamga O‘zSSR JKning 60-, 67-moddalarini qo‘llab, o‘lim jazosini beradi. Lekin uning SSSR Oliy Sudi harbiy kollegiyasiga yozgan shikoyati ushbu organ tomonidan ishning 1938 yil 28 sentyabrda qayta ko‘rilishiga sabab bo‘ladi. SSSR Oliy Sudi harbiy kollegiyasi Turkiston Harbiy okrugi harbiy tribunali qarorini bekor qilib, Qahhor Azizovga 5 yil qamoq jazosi belgilaydi.
Uning ushbu muddatni Arxangelsk viloyatidagi qamoqxonalarda o‘tagani ma’lum. Lekin negadir bu muddat o‘n yilga cho‘zilib ketgan. Qahhor Azizov Samarqandga 1947 yil yanvar oyida qaytib kelgan. Shundan so‘ng u yana ikki yildan ziyodroq umr kechirib, 1949 yilda vafot etadi.
Ha, boshidan kechirgan nohaq azoblar, qariyb o‘n yil shimolning sovuq havosida qiynalib yashash o‘zining mash’um tamg‘asini bosib ketgan edi...
Muzaffar MUQIMOV,
SamDU tuzilmasidagi Qatag‘on qurbonlari xotirasi muzeyi direktori.