Aliment to‘lamagan ota 15 sutkaga qamaldi
Jinoyat ishlari bo‘yicha Samarqand tuman sudining qarori ko‘ra, farzandiga aliment to‘lamay kelgan ota 15 sutkaga qamaldi. Bu haqda MIB Samarqand tumani bo‘limi ma’lum qildi.
Ma’lum bo‘lishicha, fuqarolik ishlari bo‘yicha Toyloq tumanlararo sudining qaroriga asosan qarzdor D.V.dan undiruvchi G.Sh.ning foydasiga bir nafar farzandining moddiy ta’minoti uchun oylik ish haqi va boshqa daromadlarining to‘rtdan bir qismi miqdorida aliment undirish belgilangan.
Mazkur ijro hujjati MIB Samarqand tuman bo‘limi ish yurituviga kelib tushgan va ijro ishi yuritish qo‘zg‘atilgan.
Qarzdor D.V.ning alimentdan mavjud 14 million so‘m miqdordagi qarzdorligini majburiy undirish maqsadida mol-mulkini aniqlash uchun davlat idoralariga so‘rov yuborilgan. Biroq qarzdor ota nomiga rasmiylashtirilgan mol-mulklar aniqlanmagan.
Qarzdordan aliment qarzdorligini undirish imkoni bo‘lmaganligi sababli unga nisbatan to‘plangan hujjatlar Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksga ko‘ra, jinoyat ishlari bo‘yicha Samarqand tuman sudiga yuborilgan. Sud esa qarzdor otaga 15 sutka qamoq jazosini tayinlagan.