Alimentni oldindan to‘lash mumkin

Davlat ijrochilari ish yurituvida bo‘lmagan ijro hujjatlari bo‘yicha aliment to‘lovlarini ixtiyoriy ravishda to‘layotgan jismoniy shaxslar muayyan davr uchun alimentni oldindan to‘lash yoki aliment oluvchi bilan kelishilgan holda aliment to‘lash majburiyatini ta’minlash bo‘yicha garov shartnomasini tuzishga haqli. 

Davlat ijrochisi ish yurituvida bo‘lgan ijro hujjati bo‘yicha qarzdor tomonidan undiruvchiga alimentlarni oldindan to‘lash hisobiga ko‘chmas yoki ko‘char mulk yoxud boshqa qimmatli ashyo taqdim etilishi mumkin.

Alimentlar summasini oldindan to‘lash yoki alimentlar to‘lash majburiyatini ta’minlash bo‘yicha garov taqdim etish faqat qarzdorning aliment to‘lovlaridan qarzdorligi mavjud bo‘lmaganda amalga oshiriladi. Alimentlarni oldindan to‘lash vaqtida agar bolalar voyaga yetguniga qadar bo‘lgan davr 5 yildan kam bo‘lsa, alimentlarni oldindan to‘lash qolgan davr uchun amalga oshiriladi.

Sud ajrimiga asosan oldindan to‘lanishi shart bo‘lgan alimentlarning to‘liq miqdorini to‘lash, shuningdek, alimentlarni oldindan to‘lash hisobiga undiruvchiga topshirilishi shart bo‘lgan mol-mulkni topshirish o‘n ish kunidan ko‘p bo‘lmagan muddatda amalga oshiriladi.

Oldindan to‘lash belgilangan alimentlar summasini hisoblashda, kelgusi davrlar uchun to‘lanadigan alimentlar summasiga, to‘lov vaqtidagi har yilgi alimentlar summasining O‘zbekiston Respublikasi Markaziy banki tomonidan belgilangan qayta moliyalash stavkasiga kapitalizatsiya koeffitsiyenti qo‘llaniladi.

M.Qurbonov,
Camarqand shahar 1-son FHDYo bo‘limi birinchi toifali
inspektori.