Alisa Freyndlix: Baxt uchun eng yaxshi kun – bugundir!
Siz-u biz sevib tomosha qiladigan “Ishdagi ishq” badiiy filmi qahramoni - Lyudmila Prokofeva rolini qoyilmaqom ijro etgan Alisa Freyndlix 87 yoshga to‘ldi. U taniqli aktrisa bo‘lish bilan birga yetuk psixolog hamdir. Quyida uning hayot falsafasi haqidagi fikrlari bilan tanishasiz.
Meni o‘z ishiga bajonidil yondashmaganlar qiziqtirmaydi
Yevgeniy Yevtushenkoning “dunyoda zerikarli odam yo‘q”, degan satri bor. Men uning fikriga qo‘shilmayman. Ba’zi bir odamlar bor – okeandir, ularning teranligi tushunib bo‘lmaydigan darajada bo‘ladi. Pastki qismi loy bo‘lgan sayoz ko‘lmaklar ham bor. Hatlab o‘tishingiz bilanoq ular unutiladi.
Biror ishga o‘zini bag‘ishlamoq uchun avvalo ruhan boy bo‘lish kerak. U bizga tug‘ilish paytida berilmaydi, yillar davomida orttiriladi, u yaxshi ishlar, taassurotlar va zarbalar orqali tarbiyalanadi.
Odamlar ular hayotdan iloji boricha ko‘proq narsani olishgandagina baxtli bo‘lishiga amin. Haqiqat shundaki, ular faqat o‘zlarini bag‘ishlasa yoki o‘zida bo‘lgan narsalarini baham ko‘rishlari mumkin bo‘lgan paytdagina baxtli bo‘la oladi.
Yolg‘izlik haqida
O‘zini birovga bag‘ishlay olmaslik – bu yolg‘izlikdir.
Yaqin dugonamning eri erkinlikdan bahramand bo‘lish istagida oilasini tashlab ketdi. Xudoyim, bu qanday axmoqlik. O‘g‘li otasi haqida hech qachon iliq taassurotga ega emas, hech qachon uning maslahatlarini olmagan, uni qo‘llab-quvvatlagani uchun hech qachon unga “rahmat” deb aytmaydi, hayot qadriyatlarini undan o‘rganmaydi. Ota esa do‘stlari bilan tabiatda va klublarda hordiq olishdan charchamaydi. Menimcha, bunaqa erkinlik bir chaqaga arzimaydi.
Ko‘ngil yoshligi haqida
Inson o‘zida bolalikni qanchalik uzoq saqlay olsa, tabiat bergan iste’dod unda shunchalik uzoq saqlanib qoladi.
Bu albatta kechagi musibatli og‘ir kunlarni unutib, kelajakka qiziqish bilan qarashga qodirlikdir. Hech kimga qarshi g‘azablanmasdan, baland ovoz bilan kulish va hayotdan mo‘’jiza kutib yashash kerak.
O‘zim haqimda
Butun hayotimiz davomida biz hatto o‘z fe’limizni to‘la-to‘kis bilmasligimizni tasdiqlab yashaymiz.
10-20-30 yil oldingi o‘zimizni eslash biz uchun ham yoqimli, ham qayg‘uli. Nahotki shu biz bo‘lsak? Yana 10 yildan keyin qanday bo‘lar ekanmiz? Kuchliroq bo‘lamizmi yoki holdan toyib qolamizmi? Hayotdan g‘azablanamizmi yoki uning mazasini tatib ko‘rgan bo‘lamizmi?
Yoshlikdagi asosiy xatolik haqida
Shubha va qo‘rquvlarga yo‘l yo‘q! “Avval oyoqqa turib olishim kerak!” degan fikrdan uzoqroq bo‘ling. Siz allaqachon tayyorsiz, siz kuchlisiz! Imkoniyatni boy bermaslik uchun harakat qiling. Hayot cheksiz uzun va imkoniyatlarga boy bo‘lib tuyuladi, aslida esa u juda tez o‘tib ketadi. Baxt uchun eng yaxshi kun – bu bugundir!
Rus tilidan Bahora Muhammadiyeva tarjimasi.
P.S. Shu yil 12 fevral kuni Alisa Brunovna bir oylik koronavirus bilan kurashishdan so‘ng kasalxonadan chiqdi. Jurnalistlarning fikriga ko‘ra, “COVID-19”ga berilgan testlar salbiy natijani ko‘rsatdi. Endi 87 yoshli aktrisa o‘zini ancha yaxshi his qilmoqda va reabilitatsiyani klinikadan tashqarida davom ettirmoqda.