Android qurilmalar uchun Zarnews.uz mobil ilovasi. Yuklab olish x

Alisher Navoiy abadiyati

G‘azal mulkining sultoni Hazrat Mir Alisher Navoiy tavalludining 582 yilligiga bag‘ishlab Pushkin nomidagi viloyat axborot-kutubxona markazi faollar zalida o‘tkazilgan adabiy kecha shunday nomlandi.

Unga Sharof Rashidov nomidagi Samarqand davlat universiteti filologiya va tarix fakultetlarining talabalari, olimlar, shoirlar, ijodkor yoshlar taklif etildi.

Dastlab Alisher Navoiy hayoti va ijodiga bag‘ishlangan hujjatli film namoyish qilindi.

Adabiy kechada so‘zga chiqqan O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi a’zosi, shoir va jurnalist Yor Muhammad, SamDU ma’naviyat bo‘limi bosh mutaxassisi Hasan Aliqulov, Pushkin nomidagi viloyat axborot-kutubxona markazi direktorining o‘rinbosari Nargiza Saidmurodova va boshqalar Alisher Navoiy ijodining o‘ziga xos jihatlari, shoir qoldirgan ulkan adabiy merosning bugungi avlod uchun ahamiyati haqida to‘xtaldilar.

– Bizlar ba’zida tiniq daryo sohilida turib chanqasak-da suv icholmayotgan kishilarga o‘xshaymiz, chunki Navoiyni o‘qishni bilmaymiz, - dedi Yor Muhammad. – Bugun Navoiy haqida hammaga ma’lum gaplarni gapirish, g‘azallarini yod olish, quruq faxrlanish bilangina ish bitmaydi. Endilikda ulug‘ shoir asarlarini o‘qib, ularning ma’nosini chaqish, uqib olish muhim. Yana bir gap. Alisher Navoiyni faqatgina uning tug‘ilgan kunida emas, doimiy ravishda yodga olishimiz, g‘azallarini sharhlashni o‘rganishimiz lozim. Aks holda u bizdan tobora uzoqlashib boraveradi.

Tadbirda universitet ijodkor yoshlari shoir g‘azallaridan namunalar o‘qidilar.

Adabiy kecha yakunida faol ishtirokchilarga axborot-kutubxona markazi tomonidan esdalik sovg‘alari topshirildi.

Gulbahor Rahimova.