Android qurilmalar uchun Zarnews.uz mobil ilovasi. Yuklab olish x

Alisher Navoiy asarlari dunyo olimlari e’tiborida

Bugun Samarqand davlat universitetida “Alisher Navoiyning jahon adabiyotida tutgan o‘rni” mavzusida respublika ilmiy-amaliy konferensiyasi bo‘lib o‘tdi.

Bu yil hazrat Alisher Navoiy tavalludiga 580 yil to‘ldi. Navoiy bugun nafaqat turkiy tilli xalqlar, balki butun dunyo madaniy olamida e’tirof etilmoqda.

- O‘tgan yili Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyevning “Buyuk shoir va mutafakkir Alisher Navoiy tavalludining 580 yilligini keng nishonlash to‘g‘risida”gi qarori qabul qilingan edi, - dedi Samarqand davlat universiteti rektori Rustam Xolmurodov. - Bugungi respublika ilmiy-amaliy anjumanining aynan Samarqand davlat universitetida o‘tkazilishida ham o‘ziga xos ramziy ma’no bor. Chunki Alisher Navoiy ko‘hna va navqiron Samarqand shahri uchun ham begona emas. Hazrat umrining eng navqiron yillarida aynan Samarqand shahrida madrasa ta’limini olgan. O‘sha paytlardagi Samarqand ilmiy-adabiy muhiti buyuk shoir va mutafakkirning shakllanishida muhim omil bo‘lib xizmat qilgan. Universitetning uzoq yillar davomida ulug‘ bobomiz nomi bilan atalishida ham shu ma’no mujassam.

Zoom tarzida tashkil etilgan ilmiy-amaliy konferensiyada Alisher Navoiy qoldirgan betakror asarlar tahlil qilindi, uning ilmiy merosini o‘rgangan olimlarning ma’ruzalari tinglandi.

Konferensiya ishtirokchilari kunning ikkinchi yarmida sho‘’balarga bo‘linib, shoirning ilmiy-falsafiy qarashlari, davlat va jamoat arbobi sifatidagi faoliyati, g‘azal va ruboyilarini keng tahlil qildi. Shoir va mutafakkirning bizgacha yetib kelgan boy ilmiy merosi hamon olimlar e’tiborida. Alisher Navoiyning asarlari ko‘plab tillarga tarjima qilingani buning isbotidir.      

Konferensiyada respublikamizning mutaxassis olimlaridan tashqari, Turkiya, Ozarbayjon, Tojikiston davlatlaridan ham olimlar ishtirok etdi.