Tarixiy shaxslarimiz siymosi e’tiborsiz qolmasligi kerak
Yaqinda Toyloq tumani Baxshitepa mahallasida Behbudiy bog‘i ochildi.
Mahmudxo‘ja Behbudiy mazkur qishloqda tug‘ilgan bo‘lib, uning nomini abadiylashtirish, millat fidoyisi sifatida amalga oshirgan ishlarini kelajak avlodga yetkazish maqsadida ushbu xayrli ishga qo‘l urildi. Bog‘da Behbudiyning byusti o‘rnatildi, shuningdek, kutubxona va uy-muzeyi tashkil etildi.
Behbudiyning byustini narpaylik haykaltarosh Umurzoq Sharipov yasadi. Haykaltarosh bolaligidan ushbu san’at turiga qiziqadi. U nafaqat haykaltaroshlik san’atiga oshufta, balki ushbu kasb ortidan qanchadan-qancha san’at asarlari yaratib kelmoqda.
- Bobomning bobolari usta kulol bo‘lgan ekan, shuning uchun bu kasb menga bobolarimdan o‘tgan, desam ham bo‘ladi, - deydi Umurzoq Sharipov.
Bugun yetmish yoshni qarshilagan haykaltarosh umrining besamar o‘tmagani bilan faxrlana oladi. U yasagan haykallar respublikamizning deyarli barcha hududlarida qad rostlab turibdi. Masalan, Samarqandga kiraverishda Cho‘ponota massivida o‘rnatilgan tuyalar karvoni majmuasi Umurzoq akaning ijod namunasi. Shuningdek, Narpay tumani xotira maydoniga o‘rnatilgan Motamsaro ona haykali, Oqtosh shahridagi Alisher Navoiy byusti, Abdulla Oripovning Qashqadaryodagi uy-muzeyidagi haykali, Surxondaryoning Termiz shahridagi viloyat onkologiya dispenseridagi Ibn Sino haykali, yurtimizda kamol topgan zabardast baxshilarimizning portreti, Toshkent shahar Olmazor tumanidagi 100-sonli ixtisoslashtirilgan maktab internatidagi Birinchi Prezidentimiz I.Karimovning byusti Umurzoq Sharipovning mehnatlari mevasi. Ularning aksariyati sovg‘a tariqasida tortiq etilgan.
- Inson bamisoli mevali daraxt bo‘lishi kerak, - deydi haykaltarosh. - Bugun oltmishdan ortiq shogirdlarim bor, ular bilan faxrlanaman. Ayniqsa, ikkinchi o‘g‘lim Hojiakbar Sharipov haykaltaroshlik hunarini tanlagani menga yanada madad bo‘lmoqda. Behbudiyning byustini yasashda o‘g‘lim va uning shogirdi Ma’ruf Pardayev katta yordam berdi. To‘g‘rirog‘i, asosiy mehnatni ular qildi, desam ham bo‘ladi. O‘g‘limning o‘g‘li, ya’ni nabiram ham haykaltarosh bo‘lmoqchi.
Haykaltaroshlik kasbi ortidan ro‘zg‘or tebratayotgan Umurzoq aka nafaqa yoshida ham harakatdan to‘xtagani yo‘q. U shu paytgacha Chirchiqda yashab ijod qilgan bo‘lsa, bugun Narpay tumanida istiqomat qilmoqda.
- Nafaqa gashtini tug‘ilib o‘sgan qishlog‘imda o‘tashni niyat qildim, - deydi U.Sharipov. – Shuning uchun ona qishlog‘imga qaytib keldim. Bu yerda ham ijod qilishim uchun ustaxona qurganman. Ijodsiz hayotimni tasavvur qilolmayman. Bitta haykal yoki byustni yasash uchun insondan mustahkam sabr-toqat talab etiladi. Bronza va misdan yasalgan haykallar ta’mir talab etilmaydi va uzoq muddat saqlanadi. Bu, albatta, kattagina mablag‘ talab etiladi. Behbudiy byustini hozir chiqqan polistrol nomli materialdan yasadim. Agar byust beton yoki gipsdan yasalgan bo‘lsa, har olti oyda ta’mir talab bo‘ladi.
Darhaqiqat, tarixiy shaxslarning haykal va byustlarini yasash, ularni ma’lum joyga o‘rnatish ishlari osonlik bilan kechmaydi. Biz bu haqda to‘xtalmoqchi emasmiz. Demoqchi bo‘lganimiz, o‘sha haykal yoki byustlar o‘rnatilganidan keyin go‘yoki odamlar nazaridan chetda qoladi. Aslida kelajak avlodga eslatib turish maqsadida tarixiy shaxslarning haykal va byustlari yasaladi. Har bir mutafakkir, adib yoki shoirning hayoti va ijodiga bag‘ishlangan mushoira kechalari ularning siymosini eslatib turuvchi san’at asarlari oldida o‘tkazilsa, bolalar ongida buyuk bobolarimizga nisbatan mehr-muhabbat uyg‘onadi. Ishonamizki, toyloqliklar Mahmudxo‘ja Behbudiyning hayoti va ijodiga bag‘ishlangan bayram tadbirlarini uning nomidagi bog‘da o‘tkazadi. Samarqand shahridagi Alisher Navoiy, Rudakiy, Amir Temur, Mirzo Ulug‘bek kabi tarixda o‘chmas iz qoldirgan ota-bobolarimizning haykallari ham e’tibordan chetda qolmaydi, degan umiddamiz.
Agar yoshlarimizni milliy an’analarimizga mehr-muhabbat ruhida tarbiyalasak, ijtimoiy tarmoqlarda ba’zi o‘smirlarning tarixiy shaxslarimizning haykallari oldida behurmatlik qilgani aks etgan video lavhalar tarqalmasdi. Buning uchun bolalarni maktab yoshidan Umurzoq aka Sharipov singari haykaltaroshlarning ustaxonasiga sayohatga olib borish, ularning mashaqqatli mehnati bilan tanishtirish kerak. Shunda yoshlarimiz tariximiz, milliy urf-odat va an’analarimizning qadriga yetardi.
Xurshida ERNAZAROVA.