Alisher ShODMONOV: 9942 ta maktabning barchasi ham toza ichimlik suvi bilan ta’minlanmagan, 1 057 tasida tibbiyot xonalari mavjud emas
Sog‘liqni saqlash vaziri Alisher Shodmonov boshchiligida maktablarda 2020-2021 o‘quv yilini tashkil etishda sanitariya-epidemiologik barqarorlikni ta’minlash chora-tadbirlariga bag‘ishlangan videoselektor yig‘ilishi o‘tkazildi. Bu haqda Sog‘liqni saqlash vazirligi jamoatchilik bilan aloqalar bo‘limi xabar berdi.
Unda shu yilning 28 avgust kuni Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev raisligida o‘tgan umumiy o‘rta ta’lim muassasalarida o‘quv yiliga tayyorgarlik masalalariga bag‘ishlangan videoselektorda berilgan topshiriqlar ijrosi, maktablarning yangi o‘quv yiliga tibbiy, sanitariya-epidemiologik tayyorgarligini nazorat qilish, mazkur jarayonda tibbiyot xodimlarining ishtiroki, ularga yuklatilgan vazifalar hamda tegishli idoralar bilan hamkorlikda hal etilishi zarur bo‘lgan muhim masalalar muhokama qilindi.
Vazir o‘z so‘zida pandemiya sharoitida mahalliy hokimliklar, tibbiyot va ta’lim muassasalari oldida turgan dolzarb muammolarni sanab, ularning yechimlariga ham to‘xtalib o‘tdi.
Misol uchun, mamlakatimizdagi mavjud 9942 ta maktabning barchasi ham toza ichimlik suvi bilan ta’minlanmagan. Mahalliy hokimliklar tomonidan bu muammo hal etilishi muhimligi ta’kidlandi.
— Ta’lim muassasalarida tozalik va ozodalikni saqlash, dezinfeksiya ishlariga alohida e’tibor qaratishimiz muhim bo‘lgan masalalardan biri, — dedi A.Shodmonov. — Bu uchun sanitariya xizmati markazlari shu yilning 5 sentyabriga qadar o‘z hududlaridagi o‘quv dargohlarini tayyorgarlik holatini o‘rganib, maktab jamoasini tekshiruvchi bo‘lib emas, balki ularga har jihatdan amaliy ko‘mak berib, dars jarayonlarida epidemiologik xavfsizlikni ta’minlash borasida trening va repetitsiyalar o‘tkazishi zarur. 480 ming nafardan ortiq o‘qituvchi faoliyat ko‘rsatadigan va 6,2 million nafardan oshiq o‘quvchi tahsil oladigan ta’lim muassasalarini epidemik o‘choqqa aylantirib qo‘yishga haqimiz yo‘q, — deb so‘zini davom ettirdi Sog‘liqni saqlash vaziri.
Yig‘ilishda, shuningdek, ta’lim muassasalarining 1 057 tasida tibbiyot xonalari mavjud emasligi, tibbiyot xonalari va izolyatorlarni tashkil etishda mahalliy hokimliklar va xalq ta’limi mutasaddilariga tibbiyot xodimlari o‘z tavsiyalari va ko‘rsatmalari bilan yaqindan yordam berishi aytildi.
Bundan tashqari, maktab oshxonalarining holati, ularning sanitariya talablariga javob berishi zarurligi, sifatiga shubha qilingan ovqatlarni muassasa hududiga kiritish va noqonuniy savdoning oldini olish kerakligi, ko‘p maktablarda hojatxonalarning ham gigiyena talablariga javob bermasligi kabi qator muammolarga ham to‘xtalib o‘tildi.