Alisher Shodmonov: Koronavirusni berkitishning iloji yo‘q

Bugun, 10 mart kuni Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligida Sog‘liqni saqlash vazirligi tomonidan tashkil etilgan O‘zbekistonda koronavirus infeksiyasi (СOVID-19)ning profilaktikasi va uning kirib kelishining oldini olish masalalariga bag‘ishlangan matbuot anjumani bo‘lib o‘tdi.
Unda Sog‘liqni saqlash vazirligi rahbariyati, tegishli vazirlik va idoralar, mamlakatimizda faoliyat yuritayotgan xorijiy diplomatik korpus va xalqaro tashkilotlar vakillari, mahalliy va xorijiy ommaviy axborot vositalari xodimlari ishtirok etishdi.
Tadbirda O‘zbekiston Respublikasi Sog‘liqni saqlash vaziri Alisher Shodmanov dunyoda koronavirusning epidemik holati va СOVID-19ning mamlakatimizga kirib kelishi va tarqalishining oldini olish bo‘yicha ko‘rilayotgan choralar to‘g‘risida ma’lumot berdi:
— Koronavirus infeksiyasining O‘zbekistonga kirib kelishi va tarqalishining oldini olish borasida izchil chora-tadbirlar amalga oshirilmoqda.
Jumladan, davlat chegaralaridagi mavjud 53 ta sanitariya-karantin punktlariga qo‘shimcha vrachlar, teplovizor va kontaksiz termometrlar, shaxsiy himoya vositalari ajratilib, faoliyati samaradorligi kuchaytirildi. Ushbu punktlardan o‘tayotgan har bir fuqaroning yashash joyi bo‘yicha ma’lumotlar olinib, birlamchi tibbiy muassasalar tomonidan ular ustidan 14 kunlik tibbiy kuzatuv yo‘lga qo‘yilgan.
Joriy yilning 15 yanvaridan hozirgi kunga qadar respublika bo‘yicha tibbiy kuzatuvga olingan fuqarolardan 5 ming nafarga yaqini kuzatuvdan chiqarilgan, 1 542 nafar fuqarolarda tibbiy kuzatuv davom ettirilmoqda. Koronavirus qayd etilgan Xitoy va boshqa davlatlardan kelgan fuqarolardan epidemik va klinik ko‘rsatmaga asosan 1760 nafaridan laboratoriya tahlili uchun olingan biologik namunalarda koronavirus aniqlanmadi.
Agar kasallik qayd etiladigan bo‘lsa, dori vositalarining zaxirasi, shuningdek, profilaktika bo‘yicha imkoniyatlarimiz yetarli.
Muhimi, har bir fuqaro noto‘g‘ri, vahimali ma’lumotlarga ishonmasligi, ehtiyot choralarini ko‘rishi zarur. Bu kasallikni biz berkitmayapmiz, uni yashirishning iloji ham yo‘q. Zarurat bo‘lmasa, xorijga chiqmaylik, cheklanaylik. Siz sog‘lom bo‘lganingiz bilan yoningizdagilar o‘z kasalliklaridan bexabar holda yuqtirib qo‘yishi mumkin, dedi sog‘liqni saqlash vaziri Alisher Shodmonov.