“Allo, bu “Zarafshon”mi?”

- Allo, assalomu alaykum, bu “Zarafshon” gazetasimi? – dedi xonamda jiringlagan telefon go‘shagini ko‘tarishim bilan bir ayol kishi va salomga alik olib, “Ha”, deya tasdiqlaganimdan keyin so‘zida davom etdi.

– Bizda “svet” yo‘q. Prezidentimiz aynan shu kabi muammolarga yechim topish maqsadida yig‘ilish o‘tkazayotgan ekan. Bu xabarni bir tanishim uy telefonimga qo‘ng‘iroq qilib, menga yetkazdi. Bundan juda xursand bo‘ldim. Imkoni bo‘lsa mening gaplarimni bir maqola qilib, yoritishingizni so‘rardim.

Ism-familiyasi sir saqlanishini so‘ragan onaxon Samarqand shahri Ro‘dakiy ko‘chasidagi ko‘p qavatli uylardan birida yashashini aytdi.

- 112- va 114-uylarda “svet” yo‘q, - deydi u. – Mas’ul tashkilotlarning ishonch telefonlariga qo‘ng‘iroq qilib, aniq javob ololmadik. Davlatimiz rahbari yig‘ilish o‘tkazayotganini eshitib, bugundan bu masalalarga yechim topilishiga umid qilyapmiz. Shukurki, yangi yil avvalida qator qiyinchiliklarga duch kelish bilan birga quvonchli xabarlarni ham eshityapmiz. Masalan, 50 yilga yaqin o‘qituvchilik qilganim inobatga olinib, pensiyam sezilarli darajada oshdi. Mahallada ko‘pchilik meni hurmat qiladi. Anomal sovuq kunlari paydo bo‘lgan muammolar bilan kurashish uchun ham qo‘shnilarim menga ko‘proq suyanishdi. Ularga sabrli bo‘lish haqida ham maslahatlarimni berdim, ammo ko‘p qavatli uylarda gaz va elektrsiz yashash qiyinligini hamma yaxshi biladi. Ayniqsa, keksalar va yosh bolalarga oson emas.

Uning murojaatini gazeta yoki saytimiz orqali mas’ullarga yetkazishni va’da qilib, xayrlashar chog‘imda onaxon kechirim so‘rab, yana gapirishda davom etdi.

- 2023 yil – Insonga e’tibor va sifatli ta’lim yili, deb e’lon qilindi, - dedi. – To‘g‘ri, boshlanishi biroz og‘ir keldi. Ilohim, davomi xayrli bo‘lsin. Uyda bir o‘zim yashayman. Yolg‘iz ona, sobiq o‘qituvchi, Xalq ta’limi a’lochisi sifatida yil nomiga munosib bo‘lishiga umid qilaman. Maqtanishga yo‘ymang, shukurki, men shogirdlarimni to‘g‘ri tarbiyalab,  ularga sifatli ta’lim bergan ekanman. Sababi, aksariyati nufuzli tashkilotlarda ishlaydi. Ko‘pchiligi meni yo‘qlab turadi. Qo‘ng‘iroq qilib hol so‘raydi. O‘sha oqibatli sobiq o‘quvchilarim meni 2015 yilda muborak Haj safariga yuborishdi. Bu men uchun ta’limning orqasidan olgan hayotimdagi eng oliy mukofot bo‘ldi. Har kim o‘z ishiga mas’uliyat bilan yondashsa, ajr-mukofotini oladi, maqsadga erishadi.

To‘lqin SIDDIQOV.