Alohida ta’lim ehtiyojlari bo‘lgan bolalar maxsus maktab-internatlariga qabul qilinmoqda

Samarqandda imkoniyati cheklangan bolalar uchun 1 ta maktab va 7 ta maxsus maktab-internati faoliyat yuritmoqda.

Ayni paytda jismoniy yoki psixik rivojlanishida nuqsoni bo‘lgan bolalarni 2023-2024 o‘quv yili uchun mazkur ta’lim muassasalariga o‘qishga qabul qilish jarayonlari davom etmoqda.

Bolalarni maxsus muassasalarga joylashtirish joriy yilning 5 iyulidan boshlangan bo‘lib, Vazirlar Mahkamasining 2021 yil 12 oktyabrdagi “Alohida ta’lim ehtiyojlari bo‘lgan bolalarga ta’lim berishga oid normativ-huquqiy hujjatlarni tasdiqlash to‘g‘risida”gi qarori bilan tasdiqlangan nizom talablari asosida olib borilmoqda.

- Jismoniy yoki psixik rivojlanishida nuqsoni bo‘lgan bolalarni qabul qilish uchun viloyat maktabgacha va maktab ta’limi hamda viloyat sog‘liqni saqlash boshqarmalari mutaxassislaridan iborat doimiy harakatdagi viloyat tibbiy-pedagogik komissiyasi tashkil etilgan, - deydi viloyat maktabgacha va maktab ta’limi boshqarmasi mutaxassisi Erkin Bekbo‘tayev. – Ushbu komissiyada eshitish va ko‘rishida nuqsoni bor, murakkab nuqsoni bo‘lgan bolalar tibbiy tekshiruvdan o‘tkazilib, ota-onalar va ularning o‘rnini bosuvchi shaxslarga mutaxassislar tomonidan tushuntirishlar beriladi va maxsus muassasalarga qabul qilinadi. Shuningdek, bolalarning holatidan kelib chiqib, tibbiy ijtimoiy xizmatlar agentligi tasarrufidagi tarbiya muassasalariga yo‘llanma asosida jo‘natiladi.

Doimiy harakatdagi viloyat psixologik-tibbiy-pedagogik komissiyasining ish hajmi iyul-oktyabr oylarida har haftaning chorshanba kuni, 1-12 avgustda dushanbadan juma kunigacha hamda noyabr-may oylarida bir oyda bir marta, har oyning birinchi haftasining chorshanba kunida soat 9:00 dan 13:00 ga qadar o‘tkaziladi.