Amaliy matematika sohasida ilmiy maktab yaratgan olim edi

Yurtimizdagi eng nufuzli oliy ta’lim dargohlaridan biri -  Samarqand davlat universitetida bugungi ta’lim jarayonining poydevorini yaratgan ilmiy maktablar ko‘p. Universitetda qator yillardan beri faoliyat ko‘rsatayotgan, O‘zbekiston ilmining yutuqlarini jahonga mashhur qilishda munosib hissa qo‘shgan va qo‘shayotgan mexanika, matematika, amaliy matematika ilmiy maktablarining yutuqlari “Ustoz – shogird” an’analarining davomiyligi, yaqin o‘tmishda ibrat namunasini namoyish qilgan yetuk olim va murabbiylarning yuksak salohiyati, shogirdlarning mehnatsevarligi va iqtidori natijasidir.

Bu borada universitetimizda amaliy matematika sohasida ilmiy maktab asoschisi, professor Hotam To‘rayev faoliyatini yodga olish o‘rinlidir. U kishi, olimlik va odamiylik bobida o‘ziga xos ibrat maktabini yaratib, o‘z davrida yaxshilarning yaxshisi nomini qoldirgan va ilmiy merosi hozirgi taraqqiyotga xizmat qilayotgan inson edi. Agar hayot bo‘lganida bu yil 80 yoshini qarshilagan bo‘lardi.

SamDU olimlarining amaliy masalalarning matematik modellarini tuzish va ularni tadqiq etish uchun dasturiy vositalarni yaratish, hisoblash matematikasi, tebranishli tizimlar turg‘unligi va chiziqlimas tebranishlar nazariyasi masalalari bo‘yicha ilmiy tadqiqotlar olib borish borasida xizmatlari respublikamiz va chet ellarda e’tirof etilganligi hamda bu sohada o‘ziga xos ilmiy maktab yaratilganligi ilm ahliga yaxshi ma’lum. Ana shu maktabning tashkilotchilaridan biri va yirik namoyandasi ham professor Hotam To‘rayev hisoblanadi.

Sermahsul olimdan yirik meros qoldi. Ular bugungi va ertangi fan rivoji uchun xizmat qilmoqda. Olim 130 dan ortiq ilmiy ishlar, shu jumladan, 2 ta monografiya, 3 ta darslik, 9 ta o‘quv qo‘llanma, 3 ta uslubiy ko‘rsatma, 2 ta ixtiro hamda 2 ta patentning muallifidir.

2000-2012 yillarda Hotam To‘rayevning Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligi tasdiqlagan 12 ta o‘quv adabiyoti nashr etildi. Ulardan uchtasi Respublika Prezidentining «Iste’dod» jamg‘armasi tomonidan o‘tkazilgan «Yilning eng yaxshi o‘quv adabiyotlari muallifi» tanlovida g‘olib bo‘lgan. Mazkur o‘quv adabiyotlaridan hozirgi davrda ham talabalar keng foydalanishmoqda.

Ulug‘ adabiyotshunos olim, akademik Boturxon Valixo‘jayev “Olimlik bilan odamiylik fazilatlari hamjihat bo‘lgan inson elga taniladi, yutuqlarga erishadi”, degan gapni ko‘p takrorlardi.  Darhaqiqat, bu –haqiqat, unga ko‘p ma’no mujassam. Bu ta’rif Hotam To‘rayev faoliyatiga juda mos. Chunki domla o‘zining yuksak insoniy fazilatlari, bag‘rikengligi, yosh olimlarni qo‘llab-quvvatlashlari, doimo yangilikka intilishi bilan ibrat maktabi yarata olgandi.  Vaholanki, ustozning yangilikka doimiy intilishi bugungi kun va ertangi yorqin kelajak uchun xizmat qilmoqda.

O‘z davrida Hotam To‘rayev tashkil etgan «Amaliy masalalarni matematik modellashtirish va ularni tadqiq etish» mavzusidagi doimiy maktab-seminar nafaqat yoshlarning matematika sirlarini o‘rganishida, balki “ustoz – shogird” an’anasini davom ettirib, amaliy matematika sohasidagi ilmiy maktab nufuzini yanada oshirishga munosib hissa qo‘shmoqda.

Ajdodlar va avlodlar o‘rtasida o‘ziga xos ko‘prik vazifasini o‘tagan va o‘tayotgan qanchadan qancha ibratli insonlar bizni doimo taraqqiyotga hissa qo‘shishga undaydi. Ular qatorida professor Hotam To‘rayevdek kamtar olimning nomi borligidan va u kishining yodi bilan yashayotganimizdan faxrlanamiz. Demak, hayot davom etadi: hamkasblar, izdoshlar, farzandlar, minnatdor shogirdlar ustozni doimo xotirlab, bugungi faoliyatida  ustozga munosib bo‘lishga harakat qiladilar.

Baxtiyor Xo‘jayorov,

fizik-matematika fanlari doktori, professor.

Erkin O‘rinboyev,

texnika fanlari nomzodi, dotsenti.