Amerikada yashayotgan yurtdoshimiz Sizni til bayrami bilan qutladi
O‘n yildan buyon Nyu-Yorkda yashayman. Ijtimoiy tarmoqlar orqali O‘zbekistondagi yangiliklarni kuzatib boraman. Qo‘shrabotda tug‘ilib o‘sib, Samarqand davlat chet tillar institutida tahsil olganman.
5-sinfgacha bolalarga ta’lim-tarbiya beradigan maktabda (Elementary school) o‘qituvchi yordamchisi (teacher aide) bo‘lib ishlayapman. Amerikada kundan-kunga o‘zbeklar safi kengayib boryapti. Yaqinda kelgan, farzandlarini maktabga joylashtirayotgan o‘zbek ota-onalarga tarjimonlik qilaman.
Nyu-Yorkdagi maktabda o‘qiydigan farzandlarim bilan uyda faqat o‘zbek tilida gaplashishga kelishib olganmiz. Aks holda bolalarim ona tilimizni unutib qo‘yishi mumkin.
Zarnews.uz ni oilamiz bilan muntazam kuzatib boramiz. Undagi har bir xabarni o‘qib, Vatan sog‘inchi, ona tilimizga bo‘lgan mehrni his etamiz.
Ayniqsa, keyingi kunlarda ushbu saytda o‘zbek tiliga oid berilgan maqolalarni o‘qib zavqlandim. Nyu-Yorkning oshxona yoki savdo do‘konlari nomlarida o‘zbekcha so‘zlarga ko‘zim tushsa, qalbimdan allanechuk hislar o‘tadi. O‘zbekistonni, Samarqandni sog‘inaman.
Ushbu sayt orqali barcha vatandoshlarimni “Davlat tili haqida»gi Qonun qabul qilinganining 30 yilligi munosabati bilan tabriklayman!
Marhabo ShODMONOVA,
Nyu-York.