“Amir Alisherning fazlu hunar tabaqasining aksariga g‘amxo‘rligi zo‘r...”
Alisher Navoiy Hirotda vazirlik yillarida el-yurtga xizmat qildi, hunar ahli va hakimlar ishini xalq farovonligiga qaratdi. O‘sha davrning mashhur tarixchisi Xondamir o‘zining “Xulosat-ul axbor” asarida bu haqda shunday yozadi: “Amir Alisherning fazlu hunar tabaqasining aksariga g‘amxo‘rligi zo‘rdir. Tazqib va tasvir ilmi hunarida benuqson va cheksiz bo‘lgan qalam ahllari, shuningdek, zamon naqqoshlari va davr muhandislarining ko‘pi ul hazratning tarbiya va ta’lim vositasi bilan bu hunarlarni o‘rgandilar va atrof olamda monandi yo‘q yaxshilar tengi bo‘ldilar».
Xondamir Navoiy qurgan ba’zi imoratlarning aniq tafsilotlarini keltiradi. Ular orasida 52 rabot, 19 hovuz, 16 ko‘prik, 9 hammom va boshqa bir qancha xayrli imorat va inshootlar bor. Rabotlar cho‘l va suvsiz biyobonlardan o‘tuvchi uzoq yo‘llarda savdogar va yo‘lovchilarning xotirjam qo‘nishi, to‘xtab dam olishlari uchun qurilgan binolar, musofirxona, bekat hamda karvonsaroylar vazifasini bajargan. Ular tarkibida mehmonxona, masjid, dam olish xonalari (hujralar), quduqlar va hatto yuk tashuvchi hayvonlarni bog‘lash uchun hovlilar ham bo‘lgan.
Alisher Navoiy Astrobodda qariyb ikki yil hokim bo‘lib turgan davrda ma’murchilik va binokorlik ishlariga katta e’tibor bergan. Xiva xoni Olloqulixonning (1825-1842) Xurosonga qilgan harbiy yurishlaridan biri haqida «Safarnoma» asarini yozgan Muhammad Nazar ibn Mulla Saidniyoz al Xevaqiy Alisher Navoiy bilan bog‘liq qiziq bir faktni bayon qiladi: Olloqulixon qo‘shinlari Xuroson yo‘lida Mir saroyiga qo‘nadi. «Mir saroyi otlig‘ mavzekim: Sulton Husayn Mirzoning saltanati ayyomi va Mir Alisherning Astrobod mamolikiga (mamlakatiga) hokimlig‘i hangomida bir saroyi dilkushoy va qasri farah afzoy bino qildurg‘on erkan. Hamul yerga nuzuli ijlol buyurdilar».
Muallif ta’kidlaganidek, “dilkusho va faroh afzo”, ya’ni ko‘ngilni shodlantiradigan va quvonchni oshiradigan bu saroy Astrobodda 1837 yillarda ham mukammal saqlanganligi hamda uning Alisher Navoiy nomi bilan bog‘liq holda “Mir saroyi” deb atalishi e’tiborga loyiq. Shuningdek, Navoiy Astrobodda jome’ masjidini bunyod etadi va boshqa ko‘pgina obodonchilik ishlari bilan shug‘ullanadi. Navoiy hozirgi Turkmaniston hududida bo‘lgan Marv (Mari) shahrida ham “Xusraviya” (1476-1477) nomli ulkan madrasa qurdiradi.
Hirotdagi XIII asr me’morchiligi yodgorligi – mashhur Masjidi Jome’ning ta’miri haqida Xondamir quyidagi xabarni yozib qoldirgan: “…Sulton Boyqaro hazratlarining do‘sti amir Alisherning ravshan xotiriga nur sochib, o‘zining tamom oliy ne’mat himmatini bu sharafli masjid binosini yangilash va ul oliy ibodatxonaning asoslarini mustahkamlashni tezlashtirishga qaratdi…»
Ma’lumotlarga ko‘ra, mazkur masjidning, charaqlab turgan salobatli, jilvador peshtoq va devorlariga mashhur Mirak Naqqosh va uning boshchilgidagi bir qancha hunarmandlar bezak berishgan. Hovlisining uzunligi 114 metr, eni 84 metr bo‘lib, 6 ta darvozasi bo‘lgan. Bu hozir ham Hirotning eng go‘zal obidalaridan biridir.
Navoiy Injil kanali bo‘yida nihoyatda zeb-ziynatli «Ixlosiya» madrasasi, uning qarshisida esa g‘oyat go‘zal va ko‘rkam ishlangan «Xalosiya» xonaqosini soldirdi. U «Ixlosiya» madrasasi muqobalasidakim… xonaqoho bino qilindi», deb yozadi Navoiy bir o‘rinda. Ko‘rinib turibdiki, ikkala bino ham Injil suvi bo‘yida tartib va zukkolik bilan ansambl uslubida bunyod etilgan. Tadbirkorlik bilan tashkil etilgan muhtasham me’moriy muhitda g‘oyat xushhavo mikroiqlim yaratilganki, bu shaharsozlik bobida e’tiborga molikdir. Davlatshoh Samarqandiy Injil kanalining ko‘rki «jannat salsabili hamda arig‘ining rashkini keltirar edi», deb yozgandi.
Navoiy Hirot jome’ masjidini ta’mirlash bilan cheklanib qolmasdan, shahar tashqarisida o‘zi ham yangi jome’ masjidi qurdiradi. So‘ng ushbu masjidning janubiy tomonida «Xalosiya» xonaqosi, g‘arbidan Injil yaqiniga «Shifoiya» shifoxonasi, uning qarshisida esa «Safoiya» hammomini hamda ular qoshida chiroyli hovuz barpo ettiradi. Shu o‘rinda ta’kidlash kerakki, jamoa shifoxonalarining qurilishi o‘rta asrlarda (IX-XI asrlardan boshlab) nafaqat Hirotda, balki butun Xuroson va Movarounnahrda, xususan, Sharq mamlakatlarining ko‘pgina shaharlarida ancha rivojlangan. Ular Samarqandda, Marv, Buxoro, Ko‘hna Urganch, Hirot, G‘azna, Ray, Bog‘dod, Hamodon, Isfaxonda va boshqa shaharlarda ham qurilgan.
Navoiyning o‘zi qurdirgan binolarga nom tanlashdagi didiga ham qarang - Ixlosiya, Xalosiya, Shifoiya, Safoiya, Nizomiya, Xusraviya, Fanoiya. Ixlosiya madrasasining nomi Navoiyning do‘sti va sulton Husayn Boyqaroga bo‘lgan ixlosini, unga minnatdorchiligini bildirsa, Shifoiya shifoxonasining nomi sog‘liq, shifo, Safoiya hammomining nomi esa ozodalik, poklik ma’nosini anglatgan. Xusraviya madrasasining nomi binoning birinchi g‘ishtini qo‘ygan marhum shahzoda Mirzo Muhammad Sulton nomini hamda uning qurilish yilini ifodalagan.
A.O‘rolov,
me’morchilik fanlari doktori.
O.Boboqandov, doktorant.