Amir Temur g‘alabalarining siri nimada?

Amir Temur aql va qalb mohiyatini falsafiy anglagan, keng ilm va  bilimga ega, noyob qobiliyat egasi bo‘lgan. U aql va qalbning jamiyat taraqqiyotidagi, insonlar ma’naviyatidagi ahamiyatini yaxshi tushunib, uni amalda qo‘llash, davlat siyosati darajasiga ko‘tarish zaruriyatini falsafiy tahlil qilib, xalq birligi, milliy davlatchilikni, islom dinini mustahkamlashga sarflagan buyuk arbobdir.

Amir Temur insondagi aql, tafakkur kuchini, ichki ruhiy dunyosini qamrab olgan  hissiyotlarini anglab, unga teran ma’no bergan va unga qat’iy amal qilgan. Shu sababli insonning aql va tafakkuri bilan fikr yuritishi yaxshi fazilatlarning rivojlanishiga, yuksak ma’naviyat egasi bo‘lishiga asos bo‘ladi, deb qaragan.

Sohibqiron qayerda va qanday holatda bo‘lmasin, kim bilan suhbatga kirishmasin, avvalo uning fikriga, aqliga, tafakkur salohiyatiga e’tibor qaratgan.  Amir Temur o‘zining o‘gitlarida: “Har kimdan kengash oldim, har kimdan fikr o‘rgandim, qaysi biri foydaliroq bo‘lsa, uni qalb xazinasida saqlab, ishlab bildim”, deb bejiz yozmagan. Ushbu so‘zlardan ma’lumki, bobomiz o‘tmish va hayotiy tajribalarini o‘zgalar fikri, maslahati, yuz berayotgan voqealarni o‘z aqli orqali tafakkurida qalbi bilan takroran tahlil, taqriz qilib, umumlashtirib, yagona fikrga, xulosaga kelgan va bu xulosalarni bosqichma-bosqich siyosiy jihatdan amalga oshirishga harakat qilgan.

Amir Temurning quyidagi so‘zlarida: “Tafakkur – fikrlash (anglamoq) va mushohada qilish qobiliyati, quvvai hofizasi kuchli inson har qanday mushkulotni oson qilish yo‘lini top oladi”, deyishi insondagi aqlning donishmandlik bilan tafakkur xulosasiga kelishining, hayotda to‘g‘ri yo‘l topishining asosi, deb tushunganligidan dalolat. 

  Sohibqiron hayotiy tajribasida insonlarda ma’lum darajada falsafiy ichki intuitsiya (haqiqatni dalil bilan isbotlamasdan, bevosita fahm-farosat bilan anglab olish qobiliyati) va bashoratchilik fazilatlari mavjudligiga ham ishonch hosil qiladi. U Ahmad Yassaviy qabrini ziyorat qilib, jangu jadal paytlarida tug‘iladigan xavflarni bartaraf qilishda quyidagi ruboiyni, ya’ni:

Ey qorong‘u kechani sha’mi-shabiston etgan,

Bir lahazada olamni guliston etgan,

Bas, mushkul ishim tushubdur, oson etgin,

Ey, barchaning mushkulin oson etgin.

duosining kuch-qudratini to‘xtovsiz 72 marta qaytarganligimda sezganman, deb ta’kidlagan.

Rivoyatlarga qaraganda, Amir Temur Chingiziy Ilyosxo‘ja ta’qibidan Xorazm vohasiga borib qoladi. Saraton issig‘ida cho‘lu sahroda yolg‘iz kezib, to‘qayzorda dam olib yotganida bir chumoli bug‘doy donidan olish uchun 7 marta bug‘doy poyasidan yuqoriga ko‘tarilib, qayta pastga yumalab, donsiz yiqilaveradi va oxiri yettinchi o‘rinishida bug‘doy boshoq donidan olib tushishga erishadi. Bu voqeani kuzatgan Amir Temur umidsizlikka chek qo‘yib, shijoat bilan joyidan turib, safdoshlarini topadi.  Katta kuchga ega bo‘lib, g‘alabaga erishadi.

Yoxud Amir Temur Shahrizabzda maktabda o‘qib yurgan kezlarida domla o‘quvchilarga “Ertaga hammangiz bittadan chumchuq so‘yib olib kelasizlar. Lekin chumchuqni so‘yganingizni hech kim ko‘rmasin”, deb topshiriq beradi. Ertasiga Amir Temurdan boshqa barcha o‘quvchilar bittadan chumchuq so‘yib, hech kim ko‘rmaganligini aytishadi. Amir Temurdan “Nimaga sen chumchuqni so‘yib kelmading?”, deb so‘raganda “Ustoz, hech kim ko‘rmaydigan joyni topolmadim”, deb javob beradi. Domla esa hech kim ko‘rmaydigan joyning manzilini aytib, yana so‘yib kelishga buyuradi. Bunga bobomiz: “Kechirasiz ustoz, siz aytgan o‘sha pana joyni ham Alloh taolo ko‘radi-ku!” deb javob beradi.

Sohibqironning yoshligidanoq noyob qobiliyat, aql va tafakkurga ega ekanligi hayoti davomida ko‘plab mushkulotlardan oson chiqishiga zamin yaratdi.

Shu sababli Amir Temur aql, qalb, tafakkuriy ongni rivojlantirib, aql kuchi bilan ish tutishni davlat siyosati darajasiga ko‘tarib, ta’lim-tarbiya, ilm-fan va madaniyatni rivojlantirdi. Aql bilan ish ko‘rishni, mas’uliyatni sezishni, qonunga qat’iy rioya qilishni, kuchli intizom o‘rnatishni temuriyzodalarga meros qilib qoldirdi. Jinoyat va jazoni aql tarozisida o‘lchash tartibini o‘rnatdi.

Amir Temurning sharqona ma’naviy va falsafiy salohiyatining asl mohiyatini tashkil qilgan uchlik - bu “aql – qalb – tafakkur” ekanligi ijtimoiy taraqqiyot rivojida katta ahamiyatga ega bo‘lgan omil sifatida o‘rganilsa, fan dasturlariga kiritilsa, yangilanib borayotgan O‘zbekiston kelajagini ta’minlovchi  diniy va dunyoviy ilm egalari, o‘z kelajagini ko‘ra oladigan barkamol avlodlar yetishib boraveradi.

A.SAFAROV,

Registon ansambli ilmiy xodimi.