Antaliya sohillarida halokatga uchragan 2000 yillik kemadan noyob tarixiy ashyolar topildi

Turkiyaning Kumluja tumanidagi Adrasan yaqinida 33-46 metr chuqurlikdan topilgan kema qoldiqlari mutaxassislar tomonidan jahon suv osti arxeologiyasidagi yangi kashfiyot sifatida baholanmoqda.

Uning sopol idishlar, kosalar va tovoqlardan iborat yuki 2 ming yil davomida suv ostida qolganiga qaramay, deyarli o‘z holatini yo‘qotmagan.

Halokatga uchragan “Keramik kema” o‘sha davrda O‘rta yer dengizida keng ishlab chiqarilgan yuzlab sharqiy sigillata sopol buyumlari, yuqori sifatli qizil sirli idish-tovoqlar tashigan. Ushbu kashfiyot, taxminan 25 xil dizaynga ega bo‘lgan, nihoyatda mustahkam keramika idishlari bilan ilmiy jamoatchilikni hayratda qoldirdi. Keramikalar tashish paytida himoya qiluvchi qatlam sifatida loy bilan qoplangan va ustma-ust joylashtirilgan. Ushbu qadimiy texnika 2 ming yil o‘tib ham qum qatlamlari ostida deyarli mukammal holatda saqlanishiga yordam berdi. Keramika qoldiqlari o‘zining g‘ayrioddiy saqlanganligi bilan dunyoda noyob hisoblanadi. 

“Tovoq va kosalar asl ranglari va yuzaki tuzilishlari bilan bugungi kungacha saqlanib qolgan bo‘lib, bu 2 ming yil oldingi ishlab chiqarish hamda qadoqlash texnikalari haqida qimmatli ma’lumotlarni taqdim etmoqda”, dedi kemani ko‘zdan kechirish uchun suvga maxsus sho‘ng‘igan Turkiya madaniyat va turizm vaziri Mehmet Nuri Ersoy.

U qoldiqlarni “nafaqat Turkiya uchun, balki butun dunyoning umumiy madaniy merosi uchun ulkan ahamiyatga ega bo‘lgan kashfiyot”, deb baholadi va hozirda asarlar Antaliyadagi Hududiy restavratsiya va konservatsiya laboratoriyasida ehtiyotkorlik bilan saqlanayotganini ta’kidladi.

Suv osti tarixini namoyish qiluvchi yangi muzey

Ushbu noyob kashfiyotni butun dunyo bilan baham ko‘rish maqsadida Turkiya, oldin e’lon qilinganidek, Kemer-Idiros hududida maxsus Akdeniz suvosti arxeologiya muzeyini barpo etadi. Vazir Ersoyning so‘zlariga ko‘ra, muzeyning dizayn bosqichi yakunlangan va qurilishi joriy oyda boshlanishi rejalashtirilgan. Bundan tashqari, Antaliya arxeologiya muzeyi “Tungi muzeylar” loyihasi doirasida yoz oyi davomida soat 22:00gacha ochiq bo‘ladi. Muzeyning bir qismi suv osti arxeologiyasiga bag‘ishlanadi. 


Madaniy merosni muhofaza qilish majburiyatini olgan Turkiya so‘nggi vaqtlarda arxeologiya sohasida jahon yetakchisiga aylandi. Mamlakat 2024 yilni “Kelajak uchun meros” loyihasi doirasida “Arxeologiyaning oltin davri” deb e’lon qildi, bu loyiha butun mamlakat bo‘ylab to‘rt fasl davomida arxeologik tadqiqotlarni kengaytiradi. Ushbu tashabbus doirasida o‘tgan yili qazish ishlarining soni 765 taga yetgan bo‘lsa, 2026 yilga kelib bu ko‘rsatkichni 800 taga yetkazish maqsad qilingan.

Ham ilmiy, ham turizm nuqtai nazaridan muhim kashfiyotlar

Turkiyaning madaniy merosini muhofaza qilishga qaratilgan ushbu keng qamrovli harakat dengiz ostida ham yo‘lga qo‘yilib, Turkiyani suv osti arxeologiyasida kashshofga aylantirmoqda. 2025 yildan boshlab to‘rtta qazish ishlari, uchta muzey boshchiligidagi suv osti qazishmalari va uchta qo‘shimcha suv osti tadqiqot missiyasini yo‘lga qo‘yish orqali dengiz arxeologiyasiga tizimli va barqaror yondashuvi mustahkamlandi. Vazir Ersoy “Birgina Pataradan Mersingacha bo‘lgan yo‘lni o‘zida 400 dan ortiq kema halokati aniqlandi. Olimlarimiz bu joylarda shiddat bilan tekshiruv ishlarini olib bormoqda. Bu kashfiyotlar nafaqat ilmiy nuqtai nazardan muhim, balki turizm uchun ham katta imkoniyatlar yaratadi”, dedi.

Zilola tayyorladi.