Tarbiya haqida

Bundan yuz yil avval Abdulla Avloniy yozib qoldirgan bitik

Tarbiyani kimlar qilur? Qayda qilinur? degan savol keladur. Bu savolga, «birinchi uy tarbiyasi. Bu ona vazifasidur. Ikkinchi, maktab va madrasa tarbiyasi. Bu ota, muallim, mudarris va hukumat vazifasidur», – deb javob bersak, bir kishi deyurki, «qaysi onalarni aytursiz, bilimsiz, boshi paqmoq, qo‘li to‘qmoq onalarmi? O‘zlarida yo‘q tarbiyani qaydan olib berurlar», der . Mana, bu so‘z kishining yuragini ezar, bag‘rini yondurar. Otasiga nima dersiz, desak , qaysi ota? To‘ychi, uloqchi, bazmchi, do‘mbirachi, karnaychi, surnaychi, ilm qadrini bilmagan, ilm uchun bir pulni ko‘zlari qiymagan, zamondan xabarsiz otalarni aytursizmi? Avval o‘zlarini o‘qitmak, tarbiya qilmak lozimdur», – der. Mana bu so‘zni eshitgach, umid qo‘llari qo‘ltuqg‘a urilur.

Xayr, bo‘lmasa muallimchi desak, «Qaysi muallim? Maqsadi pul, maslagi shuhrat, yuqori maktablarda o‘qumagan, «usuli ta’lim» ko‘rmagan muallimlarni aytursizmi? Avval o‘zlari dorilmuallimin»larda o‘qimaklari, so‘ngra dars bermaklari lozimdur», – der. Mana bu so‘z insonni hayrat daryosiga g‘arq qilur.

Mudarrislarga na dersiz desak, qaysi mudarris? Matlablari osh, maqsadlari chopon, darslari beimtihon, isloh yaqinidan yurmagan mudarrislarni aytursizmi? Bular o‘z vazifalarini bilub, nafslaridan kechub, zamonga muvofiq ravishda darslarini isloh qilub, imtihon birla o‘qutmaklari lozimdur», – der. Mana bu so‘z har kimni «Alisloh» demakga majbur qilur.