Amir Temur maqbarasidagi noma’lum qabrlar kimga tegishli?

Amir Temur maqbarasi necha yuz yillarki, tarixchi olimlarning e’tiborini tortib keladi. Maqbara haqida ko‘plab olimlar tomonidan tadqiqotlar olib borilgan, yuzlab maqola va kitoblar e’lon qilingan bo‘lsa-da, hali uning sir-sinoati oxirigacha o‘rganilmagan. Jumladan, ko‘plab bahs-munozaralarga sabab bo‘lib kelayotgan maqbaradagi uchta qabrtosh. Ularning birinchisi katta yoshli shaxsga, qolgan ikkitasi yosh bolalarga tegishli.

Amir Temur maqbarasi g‘arbiy chortog‘ida, boshqa qabrlardan alohida – marmar panjara tashqarisida katta qabrtosh bo‘lib, uning ostida haqiqiy hilxona bor. Unda ham bir qancha diniy kalimalar bitilgan alohida qabrtosh mavjud. Ushbu qabrda kim dafn etilgani haqida birorta ishonchli manba saqlanmagan.

Samarqandlik tarixchi Abu Tohirxo‘ja o‘zining “Samariya” asarida ushbu qabrga mashhur shayx Sayyid Amir Kulol o‘g‘li Sayyid Amir Umar dafn etilganligini qayd etadi, biroq birorta manba ko‘rsatmaydi. Bu shaxs Temur vafotiga qadar bo‘lgan davrda – 3-4 yil oldin vafot etganligi va Buxoroning Kogonida Suxor qishlog‘iga dafn etilganligini bilamiz. Shayxning qabri haqiqatdan ham Buxorodan Amir Temur maqbarasiga ko‘chirilganmi? Agar ko‘chirilgan bo‘lsa, buni kim va qanday zarurat yuzasidan ko‘chirgan? Chunki ushbu qabr maqbaradagi boshqa qabrlardan keyinroq, g‘arbiy chotoqdan alohida joy qilib dafn etilganligi ko‘rinib turibdi.

Ushbu shayx haqida quyidagi rivoyat saqlangan: Amir Temur o‘z sevimli nabirasi Muhammad Sultonga bag‘ishlab maqbara qurishni ixtiyor etgan maydonda Sayyid Amir Umarning qabri bo‘lgan ekan. Maqbara quruvchilari bo‘lg‘usi imorat ostini tozalashga kirishganlarida shayx Amir Temur tushiga kirib, “suyagimni bezovta qilma” deb uqtiradi. Amir Temur ushbu tushga parvo qilmaydi va qurilishni davom ettiradi. Shunda shayx ikkinchi marta Sohibqironning tushida namoyon bo‘ladi va unga bu safar o‘z qabrini bezovta qilmaslikni qat’iy talab qiladi.

Amir Temur bu safar ham tushiga parvo qilmaydi va qurilishni to‘xtatmaydi. Uchinchi marta shayx Amir Temurning tushiga kirib «Agar qurilishni to‘xtatmasang, u tugashi bilan o‘lim topasan» deydi.

Biroq Temur bundan qo‘rqmaydi va imoratni bitirishga shoshadi. Lekin tez orada Xitoy urushiga otlanadi. Shunda shayxning tushiga kirib aytgan gaplari esiga tushadi va uning mozorini hali qurib bitkazilmagan maqbara ichiga ko‘chirishga buyruq beradi. Lekin bu Amir Temurga yordam bermaydi. Xitoy yurishi paytida o‘z qo‘shinlari bilan O‘tror shahriga yetib kelgan Amir Temur to‘satdan vafot etadi.

Maqbarada ko‘rinishidan yosh bolalarga tegishli ikkita kichkina qabrlarni bir guruh olimlar Mirzo Ulug‘bekning go‘dakligida vafot etgan farzandlari - Mirzo Abdulla va Mirzo Abdurahmonga tegishli desalar, boshqa bir guruhi ushbu qabrlar Mir Sayyid Barakaning nabiralariga tegishli degan fikrni bildiradi.

Samarqand yodgorliklari bilimdoni V.L.Vyatkinning tadqiqotlariga ko‘ra, qabrtoshlardagi yozuvlar buni tasdiqlamaydi. Chunki qabrtoshlarning birida “Sayyid Xo‘ja” ismi bitilgan bo‘lsa, boshqasida “Abu Sayyid Ko‘ragon o‘g‘li” yozuvlari bitilgan. Bundan kelib chiqib, V.L.Vyatkin qabrtoshlar maqbaraga tasodifan kelib qolgan bo‘lishi mumkinligini istisno etmaydi.

Mahmudxon YuNUSOV, Tarixchi.