Samarqandda “TalabaExpo – 2025” kasblar ko‘rgazmasi bo‘lib o‘tmoqda

Samarqand shahridagi Universitet xiyobonida oliy ta’lim tashkilotlari bitiruvchi talabalari uchun “TalabaExpo – 2025” kasblar ko‘rgazmasi o‘z ishini boshladi.
Tadbir ochilishida viloyat hokimining o‘rinbosari Husan To‘xtayev, SamDU rektori Rustam Xolmurodov, Oliy ta’lim fan va innovatsiyalar vazirligi departament boshlig‘i Abduvali Xoliqov, “Kelajakka qadam” markazi direktori Elmurod Hoshimov so‘zga chiqib, oliy ta’lim bitiruvchi-yoshlarini kasb-hunarga yo‘naltirish, bandligini ta’minlash, ilg‘or tadbirkorlik va startap g‘oyalarini hayotga tatbiq etish maqsadida yaratilgan sharoitlar haqida gapirdi.
Ko‘rgazma “Kelajakka qadam” dasturi, “Dolzarb 90 kun” doirasida Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligi, “O‘zmilliybank” AJ, Savdo-sanoat palatasi hamda Samarqand viloyati hokimligi hamkorligida bitiruvchilar bandligiga ko‘maklashish maqsadida o‘tkazilmoqda.
Mazkur ko‘rgazmada mamlakatimizdagi 300 ga yaqin yirik ish beruvchi korxonalar, tijorat banklari hamda 20 ming nafardan ziyod talaba-yoshlarni bir joyda jamlash rejalashtirilgan.
Ushbu keng qamrovli tadbir bitiruvchi talabalar uchun real ish imkoniyatlari, mos kasbni tanlash va kelajakdagi faoliyatni belgilashda muhim bosqich bo‘lib xizmat qiladi.
Ikki kun davom etadigan ko‘rgazmada “Talaba – kelajak” bitiruvchilar bilan muloqot, seminar-treninglar, biznes va startap loyihalar taqdimoti, oliygohlar bilan tanishuv, imtiyozli kreditlar, madaniy shou va musiqiy kechalar o‘tkaziladi.