Amir Temur maqbarasining o‘ymakor eshigi va peshtoqidagi yozuvli lavha Rossiyada saqlanmoqda
Amir Temur maqbarasi mudiri Xushnud Abdullayevning ma’lum qilishicha, Rossiya Federatsiyasining Sankt-Peterburg shahridagi Davlat Ermitaji kolleksiyasida saqlanayotgan Amir Temur maqbarasining mozaik paneli va o‘ymakor eshigi Temuriylar davri san’atining ajoyib yodgorliklaridan biri sanaladi.
1868 yil Chor Rossiyasi Samarqandni istilo qilgunicha ulug‘vor Amir Temur maqbarasi yaxshi holatda edi. Ayrim rus olimlari maqbarani har tomonlama o‘rganishga kirishdi. Aynan shu davrda maqbaraning boshiga qora kunlar yog‘ildi. 1895 yilda N.Veselovskiy boshchiligidagi ekspeditsiya mahalliy ma’murlar bilan kelishib, Temuriylar xilxonasining nafis bezakli, naqshinkor eshigini (1-rasm) Sankt-Peterburgga olib ketishdi.
Eshikning tepa qismida “Bu foniy dunyo yolg‘on dunyodir, har bir jonimiz va narsamiz omonatdir. Haqiqiy dunyo - u dunyodadir” kabi so‘zlar yozilgandi. Eshikning balandligi 2,5 metr, kengligi 62 santimetr, qalinligi 7 santimetr bo‘lgan.
1905 yilda xilxona peshtoqidagi nafis yozuvli lavha (2-rasm) ham o‘g‘irlangan va 1906 yilda Konstantinopolda sotilgan. Uni Berlindagi “Fridrix muzeyi”ning direktori T.Bodo 10 ming frankka xarid qiladi. Elchilik yozishmalaridan so‘ng lavha Rossiyaga qaytarilgan.
Hozirda mazkur lavha ham Rossiya Davlat Ermitajida saqlanmoqda.
Lavhada: “Jahongir Amir Temur Ko‘ragonning qabri, Xudo uni rahmat qilsin va abadiy jannatga musharraf etsin!” degan yozuv bitilgan.