Amir Temur maqbarasining xilxonasidagi qabr o‘rganildi: Tarix uchun yangi fakt topildi
Yaqinda Amir Temur maqbarasining sharqiy tomonidagi xilxonadagi qabr o‘rganildi. Qabrtoshning yuza qismiga suls xati bilan turli mualliflarning qalamiga mansub misralar bitilgan. Toshning o‘ng va bosh tomonida esa shunday yozuvlar bor: “Bu Allohning rahmat va mag‘firatiga burkangan ulug‘ nasab sohibi amirzoda Muhammad Jahongirning qabridir. Alloh taolo uning joyini jannatdan qilsin. Zulqa’da oyining o‘n to‘rtinchi kuni 836 yil vafot etdi. U ulug‘lik va viqor sohibi bo‘lgan oliy sultondir”.
Qabrtoshning chap va oyoq tomonida “Buyuk sulton, podshoh, olamlar saltanatining sohibi bo‘lmish xoqon, podshohlar sultoni Amir Temur Ko‘ragonning (Alloh taolo uni firdavs jannatlariga doxil qilsin) sulolasidan bo‘lmish amirzoda Muhammad Sulton(ning katta o‘g‘li), toj va taxt sohibi amirzoda Jahongir”, degan yozuv bitilgan.
Ushbu qabrtosh Amir Temurning suyukli nabirasi Muhammad Sultonning katta o‘g‘li Muhammad Jahongirning qabridir. Ma’lumki, Amir Temur sulolasida temuriylar ismlari takrorlanib turadi. Shuning uchun chalkashlikka yo‘l qo‘ymaslik kerak. Ushbu holatda ham biz u haqida naql qilayotgan Muhammad Jahongir Mirzoning ismi bobosi Muhammad Jahongir Mirzo (Amir Temurning katta o‘g‘li) bilan bir xil.
Muhammad Jahongir Mirzo 1396 yilda tug‘ilgan. Amir Temur vafotidan so‘ng 1405 yilda Xalil Sulton saltanatni egallagach, bobosi Amir Temur xohishini hisobga olib, valiahd hisoblanmish Muhammad Sulton Mirzoning to‘ng‘ich o‘g‘li, 9 yoshli shahzoda Muhammad Jahongir Mirzoni xon qilib ko‘taradi va o‘zi otaliq mansabida bo‘ladi.
1409 yilda Xalil Sulton Mirzo vafotidan so‘ng Shohrux Mirzo Samarqand taxtiga o‘g‘li Ulug‘bek Mirzoni o‘tqazadi. Muhammad Jahongir Mirzoga Hisor hokimligini beradi va u hali yosh bo‘lganligi sabab, amir Hamza Sulduzni otabek qilib tayinlaydi.
1413 yil Muhammad Jahongir Mirzo Shohrux Mirzoning qizi Maryam Sultonbegimga uylanadi. U umrining oxirigacha Hisorda hukmronlik qilib, 1433 yilda 38 yoshida vafot etadi. Undan Muhammad Sulton Mirzo va Xalil Sulton Mirzo ismli ikki o‘g‘il qoladi.
Ko‘rinyaptiki, xilxonadagi birgina qabrtoshda mavjud bitiklar bizga temuriylar tarixining muhim jihatlarini ochib beryapti. Endi oldimizda turgan vazifalar xilxonadagi boshqa qabrtoshlarni ham o‘rganish va undagi bitiklarni tadqiq qilishdir.
Xushnud Abdullayev,
Amir Temur maqbarasi direktori.