Andijon oldingi hayotga qaytmoqda. 3750 ta tadbirkorlik sub’yektiga faoliyatini tiklashga ruxsat berildi

Andijon viloyatida jami 3750 ta tadbirkorlik sub’yektiga karantin tadbirlariga qat’iy rioya qilgan holda faoliyatini tiklashga ruxsat berildi. Bu haqda 4 may kuni Andijon viloyati hokimi Shuhratbek Abdurahmonov raisligida o‘tkazilgan selektor yig‘ilishida ma’lum qilindi.

Bunda, viloyat hokimining topshirig‘i bilan 4 maydan:

viloyatdagi 508 ta transport uyushmasidan 82 tasida litsenziyaga ega bo‘lgan 4700 dan ortiq yengil avtomobillarning uyushmalar tomonidan kunlik sanitariya talablariga amal qilgan holda faoliyat yuritishiga;

3643 tasi ayollar va erkaklar uchun sartaroshxona va go‘zallik salonlarini sanitariya talablari asosida oraliq masofani saqlagan holda sanitariya-epidemiologik osoyishtalik markazi hamda soliq idoralari hodimlari nazorati ostida faoliyatini davom ettirishga;

25 ta mehmonxonaning har biriga sanitar vrachlarni jalb etgan holda xonalarni dezinfeksiya qilish va mehmonlarni kunlik tibbiy nazoratdan o‘tkazish orqali faoliyatini tiklashga ruxsat etildi.

Shu bilan birga, viloyatda O‘zbekiston bosh davlat sanitariya vrachi ko‘rsatmasiga asosan, pandemiya davrida kasallik tarqalishining oldini olishni to‘liq nazorat qilish imkoniyati yo‘q bo‘lgan jami 1096 ta, shundan, 459 tasi umumiy ovqatlanish korxonasi (yetkazib berish xizmati asosida ishlash bundan mustasno), 115 ta to‘yxona, jamoat transportlari (avtobus, mikroavtobus) mavjud bo‘lgan 426 ta yirik transport uyushmasi, 24 ta nodavlat-notijorat o‘quv markazi, 72 ta buyum bozori va savdo komplekslarining faoliyat yuritishi Respublika komissiyasining alohida ko‘rsatmasi bo‘lgunga qadar vaqtincha cheklab turiladi.

Ma’lumot uchun, viloyatda karantin e’lon qilingan kunga qadar jami 29811 ta xo‘jalik yurituvchi sub’yekti faoliyat ko‘rsatib kelayotgan edi.

Eslatib o‘tamiz, 29 aprelda o‘tkazilgan videoselektor yig‘ilishida Shavkat Mirziyoyev mamlakatda koronavirus bilan bog‘liq vaziyat yaxshilanib, ijobiy tomonga o‘zgarib borishi bilan, 10 maydan keyin karantin rejimini bosqichma-bosqich yumshatishga qaratilgan ishlarni jadallashtirish lozimligini ta’kidlagan edi. Shundan so‘ng karantin talablarini bosqichma-bosqich yumshatishga qaratilgan ishlarni jadallashtirish bo‘yicha Respublika maxsus komissiyasi qarori qabul qilindi.