Andijonda o‘qituvchilar tik turib ota-onalardan uzr so‘rashga majbur qilindi: Holat jamoatchilik e’tiroziga sabab bo‘ldi

Tarqalgan xabarlarga ko‘ra, Andijon viloyati Marhamat tumanidagi maktablardan birida o‘qituvchilar o‘quv muassasasida ta’lim sifati, o‘quvchilarning oliygohlarga kirish ko‘rsatkichi pastligi uchun ota-onalar oldida tik turib uzr so‘rashgan. Kun.uz xabar qilishicha, bunga tuman xalq ta’limi bo‘limi mudiri va hokim yordamchisi mas’ul bo‘lgan.

Aytilishicha, ushbu o‘qituvchilarni tik turib ota-onalardan uzr so‘rashga majbur qilish o‘quvchilarning ta’lim olishidagi bo‘shliqlar, oliy ta’lim muassasalariga kirish ko‘rsatkichlari past bo‘lgani sababli tashkillashtirilgan. “Uzrbozlik marosimi” vaqtida ota-onalar bunga e’tiroz bildirib, o‘qituvchilardan uzr so‘ragan, ammo tuman XTB tashabbusi bilan o‘tkazilgan tadbir shu ruhda davom ettirilgan.

Mazkur holat jamoatchilikning keskin e’tiroziga sabab bo‘ldi. Shuningdek, bugunning o‘zida Xalq ta’limi vaziri Baxtiyor Saidov o‘z munosabatini bildirdi:

"Bugun Marhamat tumanida yuz bergan holatni nafaqat o‘qituvchilarimizning sha’nini yerga urish, balki davlatimiz siyosatiga qarshi amalga oshirilayotgan harakat deb baholayman.

O‘qituvchi qadrlanmagan yurt hech qachon taraqqiy etmaydi. Shu bois bugun davlatimiz rahbari o‘qituvchilarni ulug‘lash va jamiyatda eng obro‘li inson qilish masalasini davlat siyosatining eng yuqori darajasiga olib chiqdilar.

Bu harakat qanday maqsadda amalga oshirilgani menga qorong‘u, lekin aybdorlar albatta javob berishi kerak. Shu o‘rinda men o‘qituvchilardan o‘z qadr-qimmatlarini yerga urishga yo‘l qo‘ymasliklarini so‘rab qolaman. Sizning bu darajada boshingizni yerga qaratishga hech kimning haqqi yo‘q!

Hozirda Xalq ta’limi vazirligining huquqiy-nazorat xizmati tomonidan ishchi guruh tashkil etilib, holat o‘rganilmoqda. Bunday holatlarga yo‘l qo‘ygan "tashabbuskorlar"ga albatta tegishli chora ko‘riladi”, deyiladi vazir bayonotida.

Shuningdek, Mass-media fondi raisi Komil Allamjonov Marhamatdagi holat uchun Andijon viloyati hokimi uzr so‘rashi kerakligini aytdi.

“Andijonda o‘qituvchilar ota-onalar oldida bosh egib, uzr so‘rashga majburlangani uchun viloyat hokimi Shuhrat Abdurahmonovning shaxsan o‘zi barcha ustozlardan uzr so‘rashi kerak”, deydi Allamjonov telegramdagi kanalida.