Angren va Xorazmdagi shakar zavodlarida ommaviy ishdan bo‘shatish to‘g‘risidagi xabarlar tasdig‘ini topmadi
Ijtimoiy tarmoqlarda Angren va Xorazmdagi shakar zavodlarida ommaviy ravishda xodimlarni ishdan bo‘shatilayotganligi to‘g‘risida xabarlar tarqaldi, deb yozadi Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi.
Vazirlikning davlat mehnat inspeksiyasi tomonidan ushbu holat bo‘yicha o‘tkazilgan o‘rganishlari davomida “Angren shakar” va “Xorazm shakar” mas’uliyati cheklangan jamiyatlarida ishchi xodimlar jamiyat tashabbusi bilan ommaviy ravishda ishdan bo‘shatilmaganligi, shuningdek, koronavirus pandemiyasi sababli ish faoliyatini vaqtinchalik to‘xtatgani, hozirgi kunda zavodni ishga tushirish choralari ko‘rilayotganligi aniqlangan.
Xususan, “Xorazm shakar” mas’uliyati cheklangan jamiyatida 1081 nafar ishchi bilan mehnat shartnomasi rasmiylashtirilgan bo‘lib, hozirgi kunda 418 nafar ishchi-xodim korxona o‘z ish faoliyatini qayta tiklagunga qadar ta’mirlash ishlari bilan shug‘ullanib kelayotganligi, faqatgina o‘z xohishiga ko‘ra mehnat shartnomasini bekor qilishni so‘rab murojaat qilgan xodimlar ishdan bo‘shatilganligi ma’lum bo‘lgan.
“Angren shakar” mas’uliyati cheklangan jamiyatida esa hozirgi kunda 550 nafar xodim bo‘lib, 2020 yilning iyun oyidan oktyabr oyiga qadar jami 170 nafar xodim bilan tomonlarning kelishuviga ko‘ra mehnat shartnomalari bekor qilingan. Shuningdek, mehnat shartnomasini bekor qilish bilan bog‘liq barcha xarajatlar o‘z vaqtida to‘lab berilgan. Karantin cheklovlari o‘rnatilganligi korxonaning shakar oldi-sotdisiga jiddiy zarar yetkazganligi sababli jamiyat faoliyatini 2020 yil iyun oyida to‘xtatilishi munosabati bilan korxona xodimlarining xohishiga binoan mehnat ta’tillari va o‘z hisobidan ta’tillar berilgan. Joriy yilning sentyabr-oktyabr oylari uchun esa xodimlarga o‘rtacha oylik ish haqi to‘lab berilgan.