Anomal qurg‘oqchilik ko‘llarni qaqragan tekislikka aylantirdi

Meksikada g‘ayritabiiy qurg‘oqchilik tufayli yirik chuchuk suvli ko‘l va suv omborlari qurib bormoqda. Bu haqda Associated Press xabar berdi.

Quruq ob-havo mamlakatning 85 foizini qamrab oldi. Jazirama tufayli nafaqat tabiiy suv havzalari, balki poytaxt Mexiko shahrini ta’minlovchi strategik suv omborlari ham sayoz tortdi. Shahar meri Klaudiya Sheynbaum bu so‘nggi 30 yildagi eng kuchli qurg‘oqchilik ekanligini aytdi.

Hozir Mexiko shahrida 9 million kishi istiqomat qiladi. Shaharga ichki quduq va uchta yirik suv omborlaridan suv yetkazib beriladi, ammo anomal issiq tufayli ularda ham suv sathi tobora pasaymoqda. Sheynbaum odamlarning o‘zlari vaziyatni yanada yomonlashtirayotganini ta’kidladi: qurg‘oqchilik tufayli ular bog‘ va maysazorlarni faol ravishda sug‘ormoqda, bu esa suv ta’minotini yanada taqchillashtiradi.

Poytaxtning g‘arbiy qismi - Michoakan shtatida meksikaliklar mamlakatdagi ikkinchi katta ko‘l - Kuitseodan butunlay ayrilish xavfi ostida. Mahalliy universitet biologi Alberto Gomes-Taglning aytishicha, suv ombori allaqachon 75 foizga qurigan va bir qancha noyob baliq turlari yo‘q bo‘lgan. "2019, 2020 va 2021 yillarning o‘tgan qismi odatdagidan ko‘ra quruqroq edi va bu ko‘lga kumulyativ ta’sir ko‘rsatdi", deya xulosa qildi tadqiqotchi.

Qurg‘oqchilik tufayli ko‘l qirg‘oqlari chang bilan qoplangan, qaqragan tekislikka aylangan, mintaqada chang bo‘ronlari ham tez-tez ro‘y beradi. Mahalliy mutaxassislarning ta’kidlashicha, ular ichak va nafas yo‘llari infeksiyalari tarqalishiga olib keladi. Afsuski, mamlakatning turizm sohasi ham qurg‘oqchilikdan aziyat chekmoqda. Chunki qurigan ko‘llar va suv omborlari nafaqat baliqchilarni, balki dam oluvchilarni ham o‘ziga jalb qilmaydi.

G.Xoldorova tayyorladi.