Antibiotiklar foydalimi yoki zararli?
Nima uchun ularni shifokor tavsiyasisiz qabul qilish xavfli?
- Antibiotiklar tibbiyotda keng qo‘llaniladigan, juda muhim dori vositalari hisoblanadi, - deydi Samarqand davlat tibbiyot universiteti assistenti, tibbiyot fanlari bo‘yicha falsafa doktori Otabek Tirkashev. - Ular bakteriyalar chaqiradigan kasalliklarni davolashga yordam beradi. Biroq keyingi yillarda antibiotiklarning nazoratsiz ishlatilishi butun dunyoda jiddiy muammoga aylanib bormoqda. Afsuski, mamlakatimizda ham ushbu dori vositalarini retseptsiz sotish holati ko‘p uchraydi.
Ko‘pchilik har qanday isitma, tomoq og‘rig‘i yoki shamollashda antibiotik qabul qilsam tez tuzalib ketaman, deb o‘ylaydi. Aslida esa gripp, mavsumiy o‘tkir respirator virusli infeksiyalar, koronavirus kabi kasalliklar viruslar tomonidan chaqiriladigan kasalliklar hisoblanadi. Antibiotiklar esa faqat bakteriyalar tomonidan chaqiriladigan infeksiyalarga ta’sir qiladi, virusli kasalliklarda samara bermaydi.
Noto‘g‘ri qo‘llangan antibiotik tanaga foyda emas, aksincha, zarar keltiradi. Shuning uchun tahlillar va shifokor tekshiruvisiz antibiotik qabul qilish tavsiya etilmaydi. Ayrim bemorlar o‘zini o‘zi davolashga urinib, oldin yordam bergan antibiotikni yana qabul qiladi yoki dorixonadan maslahat oladi. Ammo bu bir qancha salbiy oqibatlarga olib kelishi mumkin.
Natijada antibiotiklarga chidamlilik ortib boradi. Bemor antibiotikni noto‘g‘ri dozada yoki keraksiz paytda qabul qilsa, bakteriyalar unga moslashib, keyinchalik dori ta’sir qilmaydi. Bu esa og‘ir asoratlarga, sepsis, o‘pka yoki buyrak infeksiyalariga sabab bo‘lishi mumkin. Ichak mikroflorasi buziladi.
Ayrim antibiotiklar kuchli allergik reaksiya berishi mumkin. Antibiotiklarni uzoq muddat davomida yoki ortiqcha miqdorda qabul qilish jigar va buyrak faoliyatiga jiddiy zarar yetkazishi mumkin.
Antibiotiklar quyidagi bakteriyalar tomonidan chaqiriladigan kasalliklarda shifokor tomonidan tavsiya qilinadi: bodomcha bezlarining yallig‘lanishida (streptokokk infeksiyasi), o‘pkaning va nafas yo‘llarining bakteriyalar tomonidan chaqirilgan yiringli yallig‘lanishlarida, otit (quloqning bakteriyalar tomonidan zararlanishi), siydik yo‘llari infeksiyasi, og‘ir jarayonli teri qoplamalari infeksiyalarida keng qo‘llaniladi.
Shifokor infeksiyaning turini, og‘irligini, bemor yoshini, allergiyasi bor-yo‘qligini inobatga olib, dori vositalarini tanlaydi. Bemor belgilangan doza va davomiylikka qat’iy rioya qilishi kerak.
Antibiotiklar - inson hayotini saqlab qoladigan muhim dori vositalari hisoblanadi. Lekin ulardan noto‘g‘ri foydalanish butun jamiyat salomatligiga xavf soladi. Bemorlarga dorixonalarda antibiotiklarni faqat retsept asosida berishni kuchaytirish orqali antibiotiklardan samarasiz foydalanishning oldi olinadi. Aholi orasida antibiotiklar “universal dori” emasligi yuzasidan tushuntirish ishlarini kengaytirish muhim ahamiyatga ega. Shuning uchun har qanday infeksiyada o‘zboshimchalik bilan antibiotiklarni qabul qilish emas, balki shifokor maslahatiga amal qilish eng to‘g‘ri yo‘ldir.