Antiseptiklardan foydalanganda qo‘l terisini parvarish qilish bo‘yicha mutaxassis maslahati
Dermatolog Aleksey Yedemskiy Sputnik radiosiga dezinfeksiyalovchi vositalardan foydalanishda qo‘llarni qanday parvarish qilish haqida o‘z tavsiyalarini bildirdi.
«Harorat pasayishi, qo‘llarni tez-tez yuvish va antiseptiklardan foydalanish terini «urush holatiga» olib keldi. Teri tinmay tiklanishga harakat qiladi, ammo bu uning «qo‘lidan kelmaydi». Chunki qo‘l terisiga kun sayin agressiv muhit ta’sir etaveradi", deya tushuntirdi mutaxassis.
Antiseptikda ham namlantiruvchi komponentlar bo‘lishiga qaramasdan, qo‘l terisi qo‘shimcha parvarishga muhtoj. Bunda himoyalovchi kremlar yordamga keladi. Mutaxassis terini sog‘lom saqlash uchun qo‘l kremidan parallel ravishda doimiy foydalanishni tavsiya qiladi.
Yumshatuvchi, namlantiruvchi va antioksidant xususiyatga ega tarkibiy qismlarni birlashtirgan kosmetik mahsulotlarga kiruvchi quyuq himoya kremlaridan foydalangan ma’qul. U jumladan, vazelin va parafindan tarkib topgan bo‘lishi kerak. Ushbu vosita «qo‘lqop» sifatida qo‘l terisini qoplab oladi va undan tabiiy namlikning chiqib ketishiga yo‘l qo‘ymaydi.
Ammo kremni darhol surtmagan ma’qul. Chunki u holda antibakterial vositaning ta’siri susayadi. Bir necha daqiqa o‘tgach surtilsa, yaxshi samara beradi. Lekin yog‘larni ishlatishni tavsiya etmayman. Sababi, ular terini yanada quritadi", deb maslahat beradi mutaxassis.
Avvalroq Burdenko nomli neyroxirurgiya ilmiy-tadqiqot instituti bosh vrachining epidemiologiya bo‘yicha o‘rinbosari, tibbiyot fanlari doktori Olga Yershova sovun bilan yuvgandan so‘ng antiseptikdan foydalanish sog‘liq uchun xavfli bo‘lishi mumkinligini aytgan edi. Shifokor, qo‘llarini sovun bilan yuvgandan keyin tez-tez antiseptik ishlatish terining kontakt dermatiti bilan kasallanishi mumkinligi haqida ogohlantirdi.