Rossiyalik olimlar qo‘l, gadjet va oziq-ovqat mahsulotlarini dezinfeksiya qilishga mo‘ljallangan antiseptik ruchka yaratdi
Bu haqda Milliy texnologik tashabbus matbuot xizmati xabariga asoslanib Lenta.ru ma’lum qildi.
Ishlab chiquvchilar qurilmaga “Crownbrush”, deb nom berishdi. Ularning fikricha, ixtiro spirtli salfetkalar va spirt-gel sanitayzerlarga qaraganda samaraliroq bo‘lib, ayniqsa, terisi nozik odamlarga mos keladi.
Tashqi tomondan antiseptik vosita ruchkani eslatadi. Uning ishlash prinsipi shundan iboratki, qurilma korona elektr maydon yordamida sirtni tozalaydi. Qo‘llarini dezinfeksiya qilish uchun ularni barmoqlar uzra o‘tkazsa kifoya.
Hozirda ishlab chiquvchilar chakana savdo majmualari, xususan, kiyim-kechak do‘konlarida kiyimlarni zararsizlantirish uchun qurilmaning kattaroq versiyasini yaratmoqda.
Avval Rossiyaning sobiq bosh sanitariya shifokori Gennadiy Onishchenko COVID-19 dan himoyalanish uchun qo‘lqop va antiseptiklar samaradorligini tekshirgan edi. Uning xulosasiga ko‘ra, sanitayzerdan doimiy foydalanish oqibatida teri mikroflorasi umuman yo‘q bo‘lishi mumkin.