AQSh elchisi Samarqandga nega keldi? Yoki O‘zbekistondagi shaffoflikning Amerikaga qanday foydasi bor?

AQShning mamlakatimizdagi elchisi Deniyel Rozenblyum bugun Samarqandga tashrif buyurib, viloyatdagi davlat, jamoat tashkilotlarida turli doiradagi uchrashuvlar o‘tkazdi. Viloyat hokimligi, Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi, nodavlat notijorat tashkiloti vakillari bilan muloqotlar tashkil etildi.

Shuningdek,  elchi janoblari samarqandlik bir guruh jurnalist va blogerlar bilan uchrashib, o‘zaro fikr almashdi. Uchrashuv davomida AQShning mamlakatimizdagi elchisining O‘zbekistondagi bugungi islohotlar, viza va boshqa masalalar bo‘yicha fikrlari bilan qiziqdik.

- O‘zbekistondagi o‘zgarishlar, islohotlardan hali elchi sifatida ish boshlamasimdan avval ham xabardor edim, - dedi janob Deniyel Rozenblyum. – Sakkiz oy davomida shu yerda yashab, faoliyat boshlaganimdan so‘ng, viloyatlardagi uchrashuvlar davomida bu haqda yaqqolroq tasavvurga ega bo‘la boshladim. Men olib borilayotgan islohotlardagi ikki nuqtani alohida ta’kidlashni istardim. Birinchisi, O‘zbekistonda nafaqat hukumat, turli idoralar faoliyati va qonunchilikda, balki katta miqyosdagi o‘zgarishlarga qadam tashlangani. Bu islohotlar aholi ongini o‘zgartirish kabi murakkab jarayonni ham qamrab olgani bilan e’tiborli. Garchi, ushbu jarayon ayni damda qiyinchilik bilan o‘tsa-da, ammo uzoqni ko‘zlagani, ijobiy natija berayotgani ahamiyatli.

Ikkinchidan, islohotlarni olib borishning qanchalik murakkab ekanligi. Sababi, eski tuzumdan manfaat ko‘rgan insonlar bor. Ularni ilg‘or fikrlashga, shaffoflikka o‘rgatish oson kechmasa kerak. Lekin bu yo‘lda tashlanayotgan qat’iy qadamlar tabiiyki, mamlakatdagi barqarorlik, rivojlanishni kafolatlaydi. Amerika esa O‘rta Osiyo, jumladan, O‘zbekistonning mustaqil ravishda, barqaror rivojlanishi tarafdori.

Keyingi paytlarda ijtimoiy tarmoqlarda ko‘p uchrayotgan, jumladan, elchi janoblarining o‘zi ham ko‘p hududlarda shu savolga javob berishiga to‘g‘ri kelayotganini tan olgan viza masalasi bo‘yicha ham fikrlarini bildirib o‘tdi.

– To‘g‘ri, keyingi paytlarda O‘zbekiston fuqarolarining AQShga borish uchun viza olishi murakkab kechmoqda, – dedi elchi. – To‘g‘risini aytishim kerak, viza masalasi bilan shaxsan men shug‘ullanmayman. Bu uchun elchixonada mas’ullar bor va ular vazifasini bajaradi. Faqat bir ma’lumotni aytishim mumkinki, keyingi yillarda O‘zbekiston fuqarolari orasida AQShga borgach, viza muddati tugasa-da, u yerda qolib ketayotganlari ko‘p kuzatilmoqda. Bunday holatni sodir etayotganlar boshqa davlat fuqarolariga nisbatan ikki baravar ko‘p. Afsuski, mana shu fakt ham viza olish uchun qaysidir ma’noda to‘siq bo‘lmoqda.

Elchi janoblari O‘zbekistondagi ochiqlik siyosati, xususan, jamoatchilik nazorati o‘rnatilishida ommaviy axborot vositalarining o‘rni xususida jurnalistlarning fikrlari bilan ham qiziqdi.

Gulruh MO‘MINOVA.