AQSh harbiy delegatsiyasi Samarqand shahriga keldi

O‘zbekiston Respublikasi kichik mutaxassislarni tayyorlash markaziga AQSh Qurolli Kuchlari Markaziy qo‘mondonligi generali D.Pirak boshchiligidagi delegatsiyasi tashrif buyurdi, deya xabar beradi O‘zbekiston Respublikasi Mudofaa vazirligi sayti.

Amerikalik harbiylar dastlab kichik mutaxassislar tayyorlash markazining tashkil etilishi, mutaxassislik yo‘nalishlari, mavjud o‘quv-moddiy baza, mashg‘ulotlarni o‘tkazish tartibi to‘g‘risida tayyorlangan taqdimot bilan tanishdi.

Shundan so‘ng markaz boshlig‘i polkovnik A.Jabborov boshchiligida texnik tayyorgarlik, axborot va komunikatsiya texnologiyalari, taktik tayyorgarlik, texnikalarni ta’mirlash bo‘yicha mavjud o‘quv xonalari bo‘ylab sayohat uyushtirildi.

Delegatsiya a’zolari kursantlarning yashash xonalari, ularga yaratilgan sharoitlar bilan tanishish maqsadida yotoqxona va oshxonada ham bo‘lishdi. Yaratilgan shart-sharoitlar ularda ijobiy taassurot qoldirdi.

Uchrashuv yakunida D.Pirak o‘quv-ta’lim masalalarida o‘zaro o‘rtoqlashish maqsadida markaz mutaxassislarini AQShda mavjud bo‘lgan serjantlar tayyorlash markazlarida tajriba almashishga taklif etdi.

Uchrashuv yakunida mehmonlar Samarqand shahrining diqqatga sazovor va tarixiy joylarini tomosha qildi.