AQSh: Immigratsiya va sog‘liqni saqlash bo‘yicha yangi farmonlar

AQSh prezidenti Jo Bayden keyingi hafta immigratsiya haqida yangi chora-tadbirlarni e’lon qilishi kutilmoqda, dedi jurnalistlarga AQSh prezidenti matbuot kotibi Jen Psaki.

Avvalroq Amerika telekanallari Bayden qochqinlarni qabul qilishni kengaytirish to‘g‘risidagi farmonni imzolashga tayyorgarlik ko‘rayotgani haqida xabar bergan edi. Ma’lumki, Donald Tramp davrida AQSh qochqinlarni qabul qilishni deyarli to‘xtatdi. 2021 yilgi limit 15 ming kishini tashkil etdi. Bundan tashqari, qochqinlarning ahvolini koronavirus pandemiyasi cheklovlari yanayam og‘irlashtirdi.

Shuningdek, Jo Bayden sog‘liqni saqlash to‘g‘risidagi farmonlarni imzolab, Donald Trampning tibbiy sug‘urta va ayollar sog‘lig‘iga oid tashabbuslarini bekor qildi.

"Bugun men Tramp tomonidan yetkazilgan zararni bekor qilish uchun ikkita farmonni imzolayman. ...Men yangi qonun yaratmayman yoki uni o‘zgartirmayman, men shunchaki ilgari mavjud bo‘lganini qaytaraman, xolos", dedi Bayden imzolashdan oldin.

Prezident Barak Obama davrida qabul qilingan imtiyozli tibbiy sug‘urta va qariyalarga tibbiy yordamni bekor qilish Trampning saylovoldi marosimi nutqidagi asosiy pozitsiyalardan biri edi. U qonunni Kongress tomonidan bekor qilinishiga erisha olmadi, ammo farmonlari bilan amaldagi qonunchilikka o‘zgartirishlar kiritdi.