AQSh prezidenti: "Urush boshlansa vayronagarchiliklar va qurbonlar Eron hududida bo‘ladi, ular shuni unutmasin!"

AQSh prezidenti Donald Tramp hech qachon Eronning o‘z yadro quroliga ega bo‘lishiga yo‘l qo‘ymasligini ma’lum qildi.
"Men hech qachon Eronning yadro quroliga ega bo‘lishiga yo‘l qo‘ymayman", degan u "Fox News" telekanaliga bergan intervyusida.
U shuningdek, Eron bilan sodir bo‘lishi mumkin bo‘lgan ehtimoliy urush haqida ham gapirgan.
"Men urush olovini yoqmoqchi emasman. Ammo, Eron shunga majbur qilsa unga qarshi urush ochaman. Eron, avvalambor, o‘z yadro qurolini yaratish dasturlaridan voz kechishi kerak. Urush bu vayronagarchiliklar, millionlab odamlarning halok bo‘lishi demakdir. Shunday ekan, men qanchalik urushishdan qochsam, Eron tomoni ham shunday qilishi kerak. Agar men urushishdan qochaversamu, Eron urush tomon qadam tashlayversa, muqarrar urush sodir bo‘ladi. Eron rahbariyati ana shuni inobatga olib, aql bilan ish tutishi lozim. Shuningdek, ular unutmasinlarki agar urush sodir bo‘lsa, u AQSh hududida emas, Eron hududida bo‘ladi. Vayronagarchiliklar va qurbonlar AQShda emas, Eronda bo‘ladi. Eron tomoniga urushdan qochish uchun shuning o‘zi kifoya bo‘lishi kerak", deydi u.
Eslatib o‘tamiz, oxirgi ikki haftadan beri AQSh va Eron munosabatlari boshi berk ko‘chaga kirib qoldi va bunda har ikki taraf bir-birini ayblayapti.