AQSh Savdo vakili samarqandlik ishbilarmonlar bilan uchrashdi
Yurtimizda mehmon bo‘lib turgan Amerika Qo‘shma Shtatlari Savdo vakili Ketrin Tay xonim boshchiligidagi delegatsiya Samarqandga tashrif buyurdi.
Mehmonlarni Samarqand temiryo‘l vokzalida viloyat hokimining o‘rinbosari Oybek Hamrayev kutib oldi.
Amerikalik mehmonlar Samarqand shahri bilan tanishuvni Amir Temur masjididan boshladi. Mahobatli me’moriy obida mehmonlarda katta taassurot qoldirdi.
Tashrif davomida mehmonlar qadimiy Siyob dehqon bozorida bo‘lib, sharq shirinliklari, quruq mevalar, hunarmandchilik mahsulotlari va non rastalari bilan yaqindan tanishdi.
Registon maydonida bo‘lgan delegatsiya a’zolari xalqimizning betakror tarixiy durdonasini katta qiziqish bilan tomosha qilishdi. Uning yaratilish tarixi, o‘ta aniqlik bilan amalga oshirilgan qurilish ishlari mehmonlarning hayratini oshirdi.
Kunning ikkinchi yarmida viloyat hokimi Erkinjon Trudimov va viloyatning yirik ishlab chiqarish korxonalari rahbarlari bilan uchrashuv o‘tkazildi. Uchrashuvda o‘zaro hamkorlik yo‘nalishlarini kengaytirish, savdo-iqtisodiy munosabatlarni mustahkamlash va boshqa dolzarb masalalar xususida fikr almashildi.
Jumladan, viloyat hokimi mehmonlarni tashrif bilan qutlab, O‘zbekiston — Amerika Qo‘shma Shtatlari o‘rtasidagi munosabatlar jadal rivojlanib borayotganligini ta’kidlab, Ketrin Tay xonimning tashrifi ushbu jarayonni yangi bosqichga olib chiqishini qayd etdi. Shuningdek, ayni paytda hamkorlikni kengaytirishda birinchi navbatda turizmni rivojlantirish zarurligini ta’kidladi.
O‘zaro hamkorlik sohasida turizm eng maqbul soha, - dedi viloyat hokimi Erkinjon Turdimov. - Chunki bunda tomonlarda alohida majburiyat bo‘lmaydi. O‘zbekiston turizm uchun bugungi kundagi eng yaxshi hududlardan biri, deb bilaman. Eng avvalo, yurtimizdagi tinchlik, xotirjamlik turizmning muhim talablaridan biri. O‘zaro turizm sohasining sustligi amerikaliklar O‘zbekistonni bilmasligidir. Shuning uchun targ‘ibotni kuchaytirsak, O‘zbekiston - AQSh o‘rtasida turizm rivojlanadi. Turizm rivoji xalqlarimizning bir-birini tanishiga xizmat qiladi. Bu o‘z-o‘zidan tadbirkorlarning o‘zaro hamkorligini amalga oshirishda muhim ahamiyat kasb etadi. Bizning bugungi kundagi eng asosiy vazifalarimizdan biri biznes sohasi vakillarini bir-biriga yaqinlashtirish uchun sharoit yaratishimizdir. Shunda iqtisodiy hamkorlik bugungi kun talabiga mos rivojlanadi. Bunda Jahon savdo tashkilotiga a’zo bo‘lishimiz ham muhim, albatta. O‘ylaymanki, bu jarayonda AQSh bizga hayrixohlik bildiradi. Shubhasiz, bu ikki davlat uchun ham manfaatli bo‘ladi.
O‘z navbatida Amerika Qo‘shma Shtatlari Savdo vakili Ketrin Tay xonim ham Samarqandga tashrifidan mamnunligini bildirib, samimiy qabul uchun minnatdorlik bildirdi. Ikki davlat o‘rtasidagi hamkorlikni mustahkamlash, savdo iqtisodiy aloqalarni yangi bosqichga olib chiqish uning eng muhim vazifalaridan biri ekanligini qayd etdi.
- Samarqand sayohati meni behad xursand qildi, - dedi Ketrin Tay xonim. – Birinchidan, men bu zaminga kelib tarix haqidagi bilimlarimni boyitdim. Ayniqsa, qadimdan dunyo savdo-sotiq munosabatlarida muhim o‘rin tutgan Buyuk Ipak yo‘li tarixi, uning mamlakatlar o‘rtasida tutgan o‘rni haqida yetarli ma’lumotlarga ega bo‘ldim. Samarqandning tarixiy obidalarida bo‘lib, bu zamin eshitganlarimga haqiqatda mos ekanligiga amin bo‘lgan bo‘lsam, qadimiy Siyob bozorida bo‘lib, bugungi jarayonni kuzatib, hozir ham Samarqand qadimiy o‘rnini yo‘qotmaganini his etdim. Maqsadim, O‘zbekiston-AQSh munosabatlarini yana rivojlantirishda qaysi sohalarga e’tibor qaratish lozim, degan savolga javob topishdan iborat. Albatta, O‘zbekistonning Jahon savdo tashkilotiga a’zo bo‘lishi bu yo‘ldagi muhim qadam, deb bilaman. Biz bu borada ularni to‘liq qo‘llab-quvvatlaymiz. Bugungi uchrashuvimizda yirik korxonalar vakillarining ishtirokidan xursandman. Shu o‘rinda ko‘pdan beri meni o‘ylantirayotgan taklifni o‘rtaga tashlamoqchiman. Bizning iqtisodiy hamkorligimizning yangi bosqichining debochasi ma’lum bir sohada qo‘shma sanoat tizimini ishlab chiqishimiz bo‘ladi, deb o‘ylayman. Turizm sohasi buning uchun eng muhim soha. Bu g‘oya ikki oycha oldin Las-Vegasda tadbirkorlar bilan uchrashuvimda tug‘ilgan edi. Ular ham asosan xizmatlar sohasi eksportini amalga oshiradi. Bilasiz, butun dunyodan bu yerga millionlab turistlar tashrif buyuradi. Bugungi kuzatuvlarimdan bildimki, Samarqand ham dunyo ahli jam bo‘ladigan muhim turistik shaharlardan biriga aylanibdi. Bu sohadagi hamkorlik ikkala tomon uchun ham manfaatli bo‘ladi.
Yakunda hamkorlikni amalga oshirishda bevosita aloqalarni yo‘lga qo‘yish bo‘yicha fikr-mulohazalar bildirildi. Jumladan, samarqandlik tadbirkorlar amerikalik tadbirkorlar bilan hamkorlik aloqalarini yo‘lga qo‘yishdagi bojxona, viza bilan bog‘liq muammolarni o‘rtaga tashladi. Hamkorlikni rivojlantirishdagi fikr-mulohazalar asosida kelgusi rejalar belgilanishi ma’lum qilindi.