AQSh Senati Finlandiya va Shvetsiyaning NATOga kirishini ma’qulladi
AQSh Senati Finlandiya va Shvetsiyaning Shimoliy Atlantika alyansiga qo‘shilishini ratifikatsiya qilish uchun ovoz berdi.
Shunday qilib, 100 senatordan 95 nafari ushbu davlatlarning NATOga a’zoligini qo‘llab-quvvatladi, bir nafari qarshi ovoz berdi. Senatning roziligini olish uchun kamida 67 ovoz kerak edi. Ovoz berish jarayoni Senat saytida translyasiya qilindi.
“Senat ikki partiyaviylik asosida yagona fikr bilan chiqadi va avtoritarizm kuchayayotgan sharoitda G‘arb ittifoqini mustahkamlaydi”, dedi ovoz berishdan oldin Senatdagi ko‘pchilik yetakchisi Chak Shumer.
Iyul oyida AQSh prezidenti Jo Bayden Finlandiya va Shvetsiyani NATOga qabul qilish to‘g‘risidagi protokollarni Senat tasdiqlashi uchun yuborgan. Amerika qonunchiligiga ko‘ra, ratifikatsiya jarayoni mamlakat prezidenti tomonidan amalga oshiriladi va Senat bunga rozilik beradi.
Keyinroq AQSh Kongressi Vakillar palatasi Finlandiya va Shvetsiyaning NATOga kirishini qo‘llab-quvvatlovchi rezolyusiyani ma’qulladi.
Finlandiya va Shvetsiya barcha a’zo davlatlar qo‘shilish protokollarini ratifikatsiya qilgandan so‘ng rasmiy ravishda NATO a’zosi bo‘ladi. Alyans bosh kotibi Yens Stoltenbergning qayd etishicha, jarayon bir necha oy davom etishi mumkin. Finlandiya va Shvetsiyaning NATOga qo‘shilishi haqidagi hujjatlar allaqachon alyansga a’zo 30 ta davlatdan 23 tasi parlamenti tomonidan ratifikatsiya qilingan.
Ikki mamlakat 18 may kuni NATOga a’zo bo‘lish uchun ariza topshirgan edi. Arizalarni muhokama qilish Turkiya tomonidan bloklangandi, biroq keyinchalik e’tirozlar qaytarib olingan. 29 iyun kuni alyans rahbariyati mamlakatlarni ittifoqqa taklif qilishga qaror qildi.