AQSh Senati prezident vakolatlarini cheklashga qaror qildi

Amerikalik senatorlar AQSh prezidentining harbiy kuch ishlatishda vakolatlarini cheklashni ilgari surdi. Bu haqdagi tegishli qonun loyihasi mualliflari - demokrat Tim Keyn va respublikachi Todd Yang, deb xabar berdi “TASS”.

Qonunchilikni o‘zgartirishga sabab AQSh prezidenti Jo Baydenning buyrug‘i bilan Suriyaga amalga oshirilgan havo hujumlari bo‘ldi. "Havo hujumlari shuni ko‘rsatadiki, partiyadan qat’i nazar, ijro etuvchi hukumat o‘z harbiy vakolatlarini kengaytirishda davom etadi", deyildi Senatda. Loyiha mualliflarining fikriga ko‘ra, amaldagi qonunlar mamlakatga Yaqin Sharqda yigirma yil davomida "cheksiz urushlar" olib borishga imkon beradi.

Gap 2001 yil sentyabr oyida AQShda sodir bo‘lgan qator teraktlardan so‘ng Kongress tomonidan qabul qilingan «Amerika prezidenti qonun chiqaruvchilar roziligisiz harbiy kuch ishlatishi mumkin» bo‘lgan tashabbusni bekor qilish haqida ketmoqda.

AQSh harbiylari 26 fevralga o‘tar kechasi Suriya hududiga aviazarbalar berdi. Ularning maqsadi Eron tomonidan qo‘llab-quvvatlanadigan harbiylar infratuzilmasi edi. Havo hujumida kamida 17 kishi halok bo‘ldi. Pentagonning ta’kidlashicha, zarbalar AQSh va Iroqdagi koalitsiya vakillariga qarshi so‘nggi hujumlarga javoban bo‘lgan.