Android qurilmalar uchun Zarnews.uz mobil ilovasi. Yuklab olish x

AQSh tomonidan o‘ldirilgan Eron generali ommaviy namoyishlarda yodga olindi

Eron va Iroqda AQSh tomonidan o‘ldirilgan Islomiy inqilob qo‘riqchilari korpusi (IRGC) generali Qosem Sulaymoniy xotirasiga bag‘ishlangan ommaviy namoyishlar bo‘lib o‘tmoqda. Namoyish ishtirokchilari yuqori martabali siyosatchilar bilan bir qatorda, Vashingtondan qasos olishga va’da berishmoqda, deb yozadi Press TV o‘z «Twitter»ida.

Minglab odamlar general tasvirlangan transporant va portretlar bilan ko‘chalarga chiqishdi. Undan tashqari, namoyishchilar o‘sha kuni o‘ldirilgan Iroq shia qo‘shini qo‘mondoni o‘rinbosari Abu Maxdi al-Muhandisni ham eslashdi. Ta’kidlanishicha, mahalliy hukumat ham qurbonlar xotirasiga ko‘rgazmalar ishlab chiqqan. Ularda asosan avtomobilga raketa urilishi tasvirlangan. Eronning yuqori martabali mulozimlari mash’um voqea mamlakat fuqarolarini, shuningdek, Bog‘dod bilan Tehronni birlashtirganini aytmoqda.

2 yanvar kuni Eron harbiy dengiz kuchlari Sulaymoniy o‘ldirilgani bir yilligiga tayyorgarlik ko‘rish fonida Fors ko‘rfazida jangovar tayyorgarlikni oshirgani haqida xabar berilgan edi. Dekabr oyi boshida Pentagon ham Iroqdagi Ayn al-Assad harbiy bazasini mustahkamladi. Mutaxassislar buni nafaqat general o‘ldirilishining bir yilligi, balki yaqinda AQShning saylangan prezidenti Jo Baydenning inauguratsiyasi bilan ham bog‘lamoqda.

Sulaymoniy Iroqning Bog‘dod shahrida 2020 yil 3 yanvar kuni AQSh tomonidan berilgan raketa zarbasidan vafot etdi. General bilan uni kuzatib borgan al-Muhandis va bir necha zobit ham halok bo‘lgan edi. Bunga javoban Tehron 8 yanvarga o‘tar kechasi Amerikaning Iroqdagi harbiy bazalariga o‘nlab raketalar otdi. O‘tkazilgan operatsiya «Shahid Sulaymoniy» deb nomlandi. Qo‘shma shtatlar qurbonlar yo‘qligi va harbiy bazalarga minimal zarar yetkazilganini bildirdi.