AQSh va Xitoy savdo urushi ortidan nimalar yuz berishi mumkin?

AQSh va Xitoy savdo urushi, bu bilan bog‘liq Tramp ma’muriyatining mas’uliyatsiz bayonotlari ortidan nimalar yuz berishi mumkin, deb yozmoqda davletovuz.

Birinchidan, tashqi investorlar Qo‘shma shtatlar obligatsiyalaridan asta-sekin chiqishni boshlaydilar, obligatsiyalarning eng katta egalaridan biri Xitoy ekanini nazarda tutsak, ular bo‘yicha daromadlilik oshishi tabiiy.

Ikkinchidan, bugun Tramp AQSh dollari kursining pasayishidan va ayni paytda foiz stavkalarining pasayishidan judayam manfaatdor, uning birinchi vakolat muddati davomida qilayotgan barcha iqtisodiy chora-tadbirlari shu maqsad atrofida jamlangan.

Uchinchidan, savdo urushlari vaqtida investorlar o‘z sarmoyalarini "tinch sohil"da ushlab turishni istaydilar, bu yana kriptovalyutalarga qiziqish va talabni oshirishi mumkin va oshirmoqda ham.

To‘rtinchidan, ba’zi urushlar urushayotgan ikki tomongayam foydali bo‘ladi. AQSh va Xitoy savdo urushi shunday konfliktlardan biri. AQSh boj va tariflarni oshirish orqali savdo balansini tiklab olmoqchi, Xitoy esa yuan kursini yanada pasaytirmoqchi. Yakunda katta ehtimol bilan har ikki taraf ham o‘z maqsadiga erishadi. Bu urushda urushayotganlar emas, urushdan tashqarida kuzatib turganlar yutqazadi.