AQShda qurol savdosi cheklanadimi: Yana qurolli hujum bo‘ldi va ko‘plab qurbonlar bor

AQShning Virjiniya shtatidagi Virjiniya–Bich shahrida bugun qurolli bosqinchi uyushtirgan otishma natijasida 12 kishi halok bo‘lgan, yana ko‘plab yarador bo‘lganlar bor. Bu haqda shahar politsiya idorasining rahbari Jim Server OAV ga ma’lum qilgan.
Ma’lum bo‘lishicha qurolli bosqinchi shahardagi ma’muriy binolardan biriga bostirib kirib odamlarga qarata tartibsiz o‘t ocha boshlagan.
Shundan so‘ng politsiya kuchlari yetib kelgan va politsiya bilan o‘zaro otishmada bosqinchi halok bo‘lgan.
Halok bo‘lganlar va yaralanganlar binoning har uch qavatida ham bo‘lgan. Bosqinchi hatto bino tashqarisidagilarni ham ayamagan, halok bo‘lganlardan biri tashqarida o‘z mashinasining ichida o‘tirgan holatida bosqinchi tomonidan otib tashlangan.
Ayni damda bosqinchining shaxsi aniqlangan va nega bunday yovuzlikni sodir etgani sabablari o‘rganilmoqda. Ma’lum bo‘lishicha, u shahar idoralaridan birida xizmatchi vazifasida ishlagan.
Eslatib o‘tamiz, AQShda bunday qurolli hujumlar odatiy hisoblanadi. Aholining bir qismi ancha yillardan beri aholiga erkin qurol sotishni va mamlakat fuqarolariga uyda va ko‘chada qurol ko‘tarib yurishni taqiqlovchi qonun qabul qilishini talab qilib keladi. Ammo, hozircha bunday qonun qabul qilinmayapti.