Arab tili va turkiy til xuddi poyga qilib chopayotgan ikki uloqchi ot singaridir

Biz so‘z yuritayotgan ushbu ulug‘ zotning to‘liq ismi-sharifi Mahmud ibn Husayn ibn Muhammad Koshg‘ariydir. Ul zot o‘z davridagi turkiy til va arab tiliga baho berib, “Arab tili va turkiy til xuddi poyga qilib chopayotgan ikki uloqchi ot singaridir”deb yozgan.

Daraqiqat, “Devonu lug‘otit turk”dek asar yozish fikri muallifning o‘z tili va madaniyatiga nisbatan buyuk muhabbati va iftixoridan darak beradi. Ayni zamonda ushbu asar muallifning chinakam ma’rifatparvar bo‘lganligini, uning boshqa tillar va madaniyatlarga samimiy hurmatini isbotlaydi. Ayni paytda, ushbu kitobning boy mazmuni, chuqur o‘ylangan ichki tuzilishi muallifning chuqur intellektual hamda ma’naviy salohiyatidan darak beradi.

Mahmud Koshg‘ariy “Devonu lug‘otit turk” kitobida bevosita o‘z hayotiga taalluqli bo‘lgan ba’zi ma’lumotlarni yozadi. Unda aytilishicha, u Issiqko‘lning janubiy qirg‘og‘idagi Barsg‘on shahrida tug‘ilgan. Shuningdek, agar uning ismidagi nisbasi ham e’tiborga olinsa, Qoraxoniylar sulolasining markaziy mulki hisoblangan Koshg‘ar shahridan bo‘lib chiqadi. “Devonu lug‘otit turk” kitobida “urdu” so‘zi – shoh yashaydigan shahar, ya’ni o‘rda deyilgan. Shuning uchun Koshg‘arni urdu kand, ya’ni O‘rdakent – shohlar yashaydigan shahar deyishadi.

Shunday qilib, Mahmud ibn Husayn ibn Muhammad Koshg‘ariy 1029 yil Issiqko‘lning janubi-sharqiy qismida joylashgan Barsg‘on shahrida tug‘ilgan. Aytishlaricha, Barsg‘on Alp Er Tegin, ya’ni Afrosiyob o‘g‘lining ismidir va aynan u Barsg‘on shahrini bunyod etgan kishidir. Tarixiy ma’lumotlarga ko‘ra, Mahmud Koshg‘ariyning otasi - Husayn ibn Muhammad ham xuddi shu shaharda tug‘ilgan.

Afsuski, Koshg‘ariyning hayoti va faoliyatiga doir to‘liq ma’lumotga ega emasmiz. Ma’lumotlarga qaraganda, uning bobolari asli Koshg‘arlik bo‘lib, XI asrda Bolasog‘unda tavallud topgan. Uning dastlab Koshg‘arda, so‘ngra Samarqand, Buxoro, Marv, Nishopur, Bag‘dod kabi mashhur shaharlarda tahsil ko‘rgani aytiladi. U yoshligidan til va adabiyot ilmiga alohida qiziqish bilan qaragan.

Keyinchalik Koshg‘ariy Xitoydan tortib, O‘rta Yer dengizigacha bo‘lgan hududdagi mamlakatlarni kezib, uzoq yillar davomida turkiy xalqlar tarixi, tili, og‘zaki va yozma adabiyoti, urf-odatlari, yashash tarzi, madaniyatini sinchiklab o‘rganadi. Bunda, ayniqsa, turkiy so‘zlarni to‘plash, turkiy til va lahjalarni bir-biridan farqlash, ularni muntazam tartibga solishga harakat qiladi.

“Men turklar, turkmanlar, o‘g‘izlar, chigillar, yag‘molar, qirg‘izlarning shaharlarini, qishloq va yaylovlarini ko‘p yillar kezib chiqdim, - deydi Mahmud Koshg‘ariy. -  Lug‘atlarini to‘pladim, turli xil so‘z xususiyatlarini o‘rgandim. Bu ishlarni til bilmaganligim uchun emas, balki bu tillardagi har bir kichik farqlarni aniqlash uchun qildim. Bo‘lmasa, tilda ularning eng yetuklaridan, eng katta mutaxassislaridan, xushfahmlaridan, eski qabilalaridan, jang ishlarida usta nayzadorlaridan edim. Turkiy til lahjalariga shunchalik diqqat qildimki, tillari butunlay dilimga jo bo‘ldi. Ularni har tomonlama puxta asosda tartibga soldim. Bu kitob bir adabiy yodgorlik bo‘lsin, deb xudoga sig‘inib yozdim. Kitobni “Devonu lug‘otit turk” (“Turkiy tillar lug‘ati”) deb atadim.

Hozirgi zamon ilmiy tili bilan aytganda, Mahmud Koshg‘ariy XI asrning ulkan tilshunos olimi sifatida mashhur. Koshg‘ar shahri Qoraxoniylar sulolasining asosiy maskani ekanligini ta’kidlaganiga qarab, bir qator tadqiqotchilar Mahmud Koshg‘ariyni ham shu sulolaga daxldor deb biladi. Bundan tashqari, u maqolalaridan birida, aniqrog‘i, uyg‘ur – to‘g‘risida so‘z ketayotgan, ya’ni o‘g‘uz lahjasida hamza harfi “x” harfi bilan o‘rin almashishi to‘g‘risida ta’kidlab, shunday deb yozadi: “Shul sababdan bizning ajdodlarimiz bo‘lgan amirlarni ’amir deyishga tillari kelmay xamir deyishar edi. Somoniylardan turk yerlarini tortib olgan bizning bobomizni esa Amir Buxra Tekin deb atashar edilar”.

Bu yerda muallifning o‘z nasl-nasabini keltirishi hamda Koshg‘arning Qoraxoniylar uchun asosiy qarorgoh ekanligi to‘g‘risidagi ma’lumoti bir qancha tadqiqotchilar uchun (masalan, Pritsak, Juze va boshqa shu kabi) “Devonu lug‘otit turk” muallifining o‘zi ham Qoraxoniylar sulolasiga tegishli bo‘lgan bo‘lsa ajab emas, degan fikrning paydo bo‘lishiga sababchi bo‘ldi.

Juzening taxminiga ko‘ra, uzoq zamonlardan buyon Somoniylar hukmida bo‘lib kelgan Transoksaniya yerlarini egallashni oxiriga yetkazgan va Markazi Koshg‘ar bo‘lgan Qoraxoniylar sulolasining yetakchisi Nasr ibn Ali Mahmud Koshg‘ariy ajdodlaridan biri bo‘lgan (vafoti taxminan 1012 yoki 1013 yil).

Bir qator tarixiy manbalarga va “Devonu lug‘otit turk”dan keltirilgan yuqoridagi parchaga asoslangan Pritsak Mahmud Koshg‘ariy 992 yili Buxoroni qo‘lga kiritgan, Transoksaniyaning birinchi istilochisi Bo‘g‘raxon unvonini olgan Xorun (al-Hasan) ibn Sulaymonning avlodi bo‘lgan, degan fikrni bildiradi.

O‘sha mashhur “Devonu lug‘otit turk” kitobi

Pritsakning ta’kidlashiga ko‘ra, Mahmud Koshg‘ariyning otasi Husayn ibn Muhammad, Barsg‘on amiri Bo‘g‘roxonning nevarasi bo‘lgan tarixiy shaxs Husayn ibn Muhammad bilan ayni bitta odam, ayni bir kishidir.

Mahmud Koshg‘ariyning vafot etgan aniq sanasi ma’lum emas. Biroq ayrim tadqiqotchilar 1101 yilni ul zotning vafot etgan sanasi deb, Koshg‘ar yaqinidagi Opal qishlog‘ini esa ul hazratning vafot etgan joyi deb hisoblaydi.

Opal qishlog‘idagi Mahmud Koshg‘ariy xilxonasi.

Mahmud Koshg‘ariy uchun tiklangan haykal.

Mahmud Koshg‘ariyning “Devonu lug‘otit turk” kitobini barcha turkiy tillar lug‘atining jamlanmasi yoki umumturkiy til ensiklopediyasi deb atash ham mumkin.

Mahmud Koshg‘ariyning Opaldagi mozori keyinroq “Avliyo ustoz qabri” deb atala boshlangan. Ushbu sag‘ana 1984 yili ta’mirlangan.

“Devonu lug‘otit turk” 8 bobdan iborat bo‘lib, 7,5 ming leksemani o‘z ichiga qamrab olgan. Albatta, shak-shubha yo‘q, bu asarning yozilishiga bir necha yillar davomidagi katta mehnat sarflangan. Bunday mehnatning natijasi o‘laroq muallif tomonidan turkiy xalqlarga mansub bo‘lgan katta hajmdagi lingvistik, tarixiy va etnografik ma’lumotlar jamlangan. Mahmud Koshg‘ariy hazratlari ilk o‘rta asrlardagi turkiy xalqlarga tegishli manzillarni aylanib, o‘rganib chiqish jarayonida nihoyatda ulkan miqdordagi lisoniy boyliklar to‘plagan.

Ushbu asar tom ma’noda o‘rta asrlarning dastlabki davrlarida mavjud bo‘lgan turk xalqlariga xos bebaho tarixiy lingvistik, etnografik, folklor namunalarini hamda turkiy tilning fonetik, grammatik va leksik jihatlarini, til durdonalarini aks ettiruvchi o‘xshashi yo‘q bir kitobdir.

Mahmud Koshg‘ariy qalamiga mansub “Devonu lug‘otit turk” kitobi dastlabki davr turk dialektologiyasiga doir yagona ilmiy asar bo‘lib, unda ushbu til dialektologiyasi va morfologiyasining mavjud holatlari hamda ularning o‘ziga xos xususiyatiga taalluqli dialektik shakllar to‘g‘risida yetarlicha ma’lumotlar bor. U O‘rta Osiyo, Sharqiy Turkiston, Volgabo‘yi va Ural tog‘lari atrofidagi elatlar va xalqlarning og‘zaki she’riy ijodiyotining matnlarini o‘zida qamraganligi bilan ham qimmatli.

Eski arab filologiyasining ilmiy uslublaridan foydalanib bitilgan Mahmud Koshg‘ariyning ushbu asari tilshunos, adabiyotshunos va folklorshunoslar uchun juda qimmatli manba hisoblanadi.

“Devonu lug‘otit turk” muqaddimasida turkiy tilli xalqlarning nomlari birma-bir keltiriladi. Bular bajnak, qipchoq, ug‘uz, yamak, boshqird, basmil, qay, yaboqu, tatar, qirg‘iz, chigil, tuxsi, yag‘mo, ig‘roq, jaru, jamul, uyg‘ur, tangut, tabg‘ach xalqlaridir. Shuningdek, devonda ana shu turkiy xalqlar yashagan joylarni ko‘rsatuvchi doira shaklidagi xarita ham keltirilgan.

Kitobning “Lug‘at” qismida esa ana shu xalqlarning tillari o‘rtasidagi o‘xshash va farqli jihatlar ko‘rsatiladi, mukammal izohi beriladi. Asarda 7,5 mingdan ortiq turkiy so‘zlarga atroflicha izoh beriladi. Shuning uchun ham «Devoni lug‘otit turk» turkiy tilshunoslikning eng nodir va muhim yodgorligidir.

Mahmud Koshg‘ariy o‘zining sa’y-harakatlari davomida turkiy tillar tadqiqiga bag‘ishlangan «Javohir un-nahv fi lug‘otit-turk» (“Turkiy tillar nahviga oid gavharlar”) yoki (“Turkiy tillarning nahv (sintaksis) qoidalari”) hamda «Devoni lug‘otit turk»  nomlari bilan ataluvchi ikkita asar yaratganligi tarixiy hujjatlarda qayd qilingan. Bu asarning birinchisi bizga qadar yetib kelmagan yoki aniqlangan emas. «Devoni lug‘otit turk» asarini esa olim 1076-1077 yillarda tugallab, xalifa Abulqosim Abdulloh bin Muhammad al-Muqtadoga tuhfa etadi.

Bu asarning 1276-1277 yillar davomida Muhammad bin Abu Bakr Damashqiy degan kishi tomonidan ko‘chirilgan bir qo‘lyozmasi Istanbuldan topiladi va 1939-1941 yillarda hozirgi turk tilida nashr etiladi. Solih Mutallibov ushbu ilmiy asarni hozirgi o‘zbek tiliga o‘girib, 1960-1963 yillarda uni uch jildda nashr ettirgan.

Ochil RUSTAMOV,

filologiya fanlari nomzodi, dotsent.

Nuriddin YuSUPOV,

SamDChTI magistranti.