Armaturasiz plitalar Samarqandda ishlab chiqarilgan
O‘zbekiston Respublikasi Qurilish vazirligi ijtimoiy tarmoqlarda tarqalgan armaturasiz plitalar bo‘yicha rasmiy bayonot berdi.
Aniqlanishicha, sifatsiz qurilish materiallari Jizzax viloyati Do‘stlik tumanidagi Alisher Navoiy nomli mahallada 5 qavatli uy-joy qurilish-montaj ishlarida foylanilayotgan bo‘lgan.
Plitalar Samarqand shahrida faoliyat yuritayotgan «Vibro Press» xususiy korxonasi tomonidan yetkazib berilgan. Uning mahsulotlariga «NTS Turon Standart Sertifikat» MChJ tomonidan O‘zDSt 2805:2013 talablariga muvofiqligi yuzasidan 2017 yil 5 iyunda uch yil muddat bilan UZ.SMT.01.348.2041276 muvofiqlik sertifikati berilgan.
Bayonotda aytilishicha, Qurilish vazirligiga ishlab chiqaruvchilar faoliyatiga aralishish va qurilish ob’yektiga kirish, tekshirish vakolati berilmagan. Shunday bo‘lsa-da, qurilish ob’yektlarida ishlatilayotgan «Vibro Press» xususiy korxonasi tomonidan ishlab chiqilgan plitalar bo‘yicha Jizzax viloyati qurilish sohasida hududiy nazorat inspeksiyasi tomonidan ishlab chiqaruvchiga 2018 yil 6 noyabrda 04/1254-sonli ogohlantirish xati yuborilgan.
«Ishlab chiqaruvchi korxona tasdiqlangan davlat standartlariga rioya etgan holda akkreditatsiyadan o‘tgan sinov laboratoriyasida plitaning hamda unda qo‘llaniladigan materiallarni fizik-mexanik xususiyatlari bo‘yicha doimiy va davriy sinovlarni o‘tkazishi va tasdiqlangan ishchi chizmalariga muvofiq ishlab chiqarishi talab etiladi», deyiladi vazirlik munosabatida.
Bundan tashqari, bir yilda bir marotaba sertifikatlashtirish organi tomonidan ishlab chiqilayotgan mahsulotni standart talablariga muvofiqligi bo‘yicha inspeksiya nazorati amalga oshirilishi kerak. Biroq ishlab chiqaruvchi standart talablariga rioya etmagan holda sifatsiz mahsulot ishlab chiqargan, ishchi chizma UTR 46.1-95.11 shifr 4281 talablarini qo‘pol ravishda buzgan.