“ArMI – 2021”: Milliy armiyamiz umumjamoa hisobida 2-o‘rinni egalladi

Yilning eng nufuzli xalqaro harbiy musobaqalaridan biri – VII Xalqaro armiya o‘yinlari o‘z nihoyasiga yetdi. Unda O‘zbekiston Mudofaa vazirligi jamoasi ham munosib ishtirok etib, tarixiy natijalarni qayd etdi.

Kecha, 4 sentyabr kuni Rossiya Federatsiyasi Moskva viloyatida joylashgan “Patriot” parkida ushbu nufuzli musobaqaning tantanali yopilish marosimi bo‘lib o‘tdi. Unda ishtirokchi davlatlar jamoa a’zolari, harbiy delegatsiya vakillari va ommaviy axborot vositalari xodimlari ishtirok etdi.

Mudofaa vazirligi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar departamentidan ma’lum qilishlaricha, joriy yilning 22 avgust kunidan 4 sentyabriga qadar o‘tkazilgan “ArMI – 2021” Xalqaro armiya o‘yinlarida ishtirok etgan milliy armiyamiz o‘g‘lonlari jonajon yurtimizning qudrati va salohiyatini yana bir bor to‘la-to‘kis ko‘rsata oldi.

Dunyoning 11 ta davlati hududida o‘tkazilgan musobaqalarda 42 ta davlatning jami 277 ta jamoasi, boshqacha aytganda 5000 dan ortiq harbiy xizmatchilar o‘zaro kuch sinashdi. E’tiborli jihati shundaki, O‘zbekiston Respublikasi jamoalari ham ushbu nufuzli musobaqalarning 24 yo‘nalishi bo‘yicha munosib ishtirok etdi.

Ta’kidlash joizki, mazkur bellashuvlar davomida vakillarimiz 4 ta oltin, 9 ta kumush va 4 ta bronza medallarini qo‘lga kiritib, umumjamoa hisobida musobaqa tashkilotchisidan keyin faxrli 2-o‘rinni egalladi.

Xususan, oltin medallarni qo‘lga kiritgan jamoalar:

“Sodiq do‘st” erkaklar jamoasi;

“Sodiq do‘st” ayollar jamoasi;

“Harbiy-tibbiy estafeta” jamoasi;

“Dala oshxonasi” jamoasi.

Kumush medallarga sazovor bo‘lgan jamoalarimiz:

“Elbrus xalqasi”;

“Merganlik marrasi”;

“Otliq marafon”;

“Qurolsoz usta”;

“Xavfsiz muhit”;

“Muhandislik formulasi”;

“Xavfsiz marshrut”;

“Qutb yulduzi”;

“Qo‘shinlar razvedka a’lochisi”.

Bronza medalini qo‘lga kiritgan jamoalar:

“Avtozirxli tank-texnika ustasi”;

“Ishonchli qabul”;

“Yo‘l patruli”;

“Sayan yurishi”.

Aytish kerakki, mazkur musoboqalar davomida jamoalar tomonidan jami 37 ta rekord natija qayd etilgan bo‘lib, shundan 10 tasi O‘zbekiston Respublikasi hisobiga yozildi. Xitoy Xalq Respublikasi 6 ta, Belarus va Hindiston respublikalari hisobida esa 2 tadan.

Xususan, “Harbiy-tibbiy estafeta” musobaqasida vakillarimiz 3 ta rekord natijalarini yangiladi.

Qizg‘in va murosasiz kechgan “Elbrus halqasi” musobaqasida ham yurtdoshlarimiz mamlakatimiz sha’nini munosib himoya qildi. Jumladan, kichik serjantlar Sanjar To‘qliyev, Abdumuxtor Abdug‘aniyev va Azimjon Ibragimovlar “Tog‘ to‘siqlar yo‘lagi” shartini 12 daqiqa 58 soniyada bajarib, rekord natija ko‘rsatgan bo‘lsa, “Muzli hududdan o‘tish” shartini ado etishda ham jamoamiz peshqadamlik qildi. O‘g‘lonlarimiz mazkur vazifani 11 daqiqa-yu 37 soniyada uddalab, rekordlar seriyasini davom ettirdi.

“Sodiq do‘st” jamoasida serjant Ulug‘bek  Nurillayev  “300 metrlik to‘siqlarni xizmat itlari bilan o‘tish” shartida 1 daqiqa 13 soniya bilan bosib o‘tib, tengsiz ekanini amalda namoyon etdi hamda rekord o‘rnatdi.

“Merganlar marrasi” musoboqasining “Yakka sinov” bellashuvida kichik serjant Fazliddin Qirg‘izov “Mo‘ljalga olish nuqtasini o‘zgartirib otish” mashqini 15 daqiqa 6 soniyaga bajarib, yangi rekord natija ko‘rsatdi.

Yurtdoshlarimizning bu kabi yutuqlarini ko‘rib, bugun milliy armiyamizda olib borilayotgan keng ko‘lamli islohatlar o‘z samarasini berayotganiga amin bo‘lamiz. Xalqaro maydonda yurt sha’nini munosib himoya qilib, mamlakatimiz bayrog‘ini baland ko‘targan o‘g‘lonlarimiz bildirilgan ishonchni to‘la oqlashdi. Ular erishgan bu yutuq chinakam tarixiy natijadir. Rekordlar ketma-ketligi, medallar shodasi istiqlolimizning 30 yilligiga munosib tuhfa bo‘ldi.

O‘zA